Namanganda xalqaro ochiq kubok
Yosh avlodni vatanparvalik ruhida kamol toptirish, ommaviy kasb xodimlarini tayyorlash, sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirishga munosib hissa qo‘shayotgan O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti o‘zining o‘ttiz to‘rt yilligini nishonlaydi.
Shu munosabat bilan Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidagi zamonaviy kartodromida karting poygasi bo‘yicha viloyat hokimi kubogi uchun ochiq xalqaro musobaqa o‘tkazildi. Mazkur musobaqada Namangan, Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Toshkent viloyati, Toshkent shahri hamda Rossiya federatsiyasi, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikasidan kelgan 80 ga yaqin sportchilar ishtirok etdi.


Turnir qatnashchilari “Mikro”, “Mini”, “Supermini”, “Ok-junior”, “Patriot”, “KF”, “KZ” sinflari va respublika miqyosida ilk marotaba yangi “T-4 patriot” o‘smirlar sinfi bo‘yicha g‘oliblik uchun kuch sinashdi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, Namangan viloyati texnik va amaliy sport turlari markazi g‘oliblkni qo‘lga kiritdi. Faxrli ikkinchi o‘ringa ushbu viloyatning To‘raqo‘rg‘on tumani o‘quv-sport texnika klubi jamoasi munosib, deb topildi. Mezbonlarning yana bir jamoasi – Namangan tumani o‘quv-sport texnika klubi uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Tantanali taqdirlash marosimida “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Ahmadjon A’loxo‘jayev g‘olib va sovrindor jamoalar va sportchilarga diplom, medallar va hokim kubogini taqdim etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.