Namanganda suv ta’minoti: murakkab relef, aniq yechimlar
Namangan viloyati respublikada aholi eng zich yashaydigan hududlardan biri hisoblanadi. Tog‘oldi va past-baland relef sharoiti esa ichimlik suvini aholiga uzluksiz yetkazib berishni yanada murakkablashtiradi.
Viloyatning ko‘plab hududlari tog‘oldi va baland-past joylarda joylashgan bo‘lib, bu yerlarda suvni manbadan aholiga yetkazish kata muhandislik yechimlari, qo‘shimcha energiya sarfi va murakkab infratuzilmani talab etadi. Shu bois bu yerda suv ta’minoti tizimining barqaror ishlashi ortida katta mehnat va uzoq yillik rejali ishlar mujassam.
Biroq shunday sharoitda ham “O‘zsuvta’minot” AJ tizimidagi “Namangan suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar aholining hayot sifati va farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda viloyat aholisi 3 million 190 ming nafardan ortiqni tashkil etadi. Ularning 2 million 804 ming nafari yoki 87,9 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Bu raqamning o‘ziyoq keyingi yillarda sohada amalga oshirilgan islohotlar samarasini ko‘rsatadi.

Chunki 2016-yilda mazkur ko‘rsatkich atigi 59,5 foizni tashkil etgan edi. Demak, keyingi to‘qqiz yilda yuz minglab xonadonlar markazlashgan suv ta’minoti tizimiga ulandi, minglab kilometr tarmoqlar barpo etildi.
So‘nggi to‘qqiz yil mobaynida viloyatda ichimlik va oqova suv tizimlarini rivojlantirish uchun 1 trillion 451 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Natijada 5,6 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 451 kilometr oqova suv tarmoqlari qurilgan, 268 ta ichimlik suvi hamda 3 ta oqova suv inshooti barpo etilgan.
Bu ko‘rsatkichlar nafaqat yangi ob’ektlar qurilganini, balki aholi turmush sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi infratuzilma shakllanganini anglatadi.
Ayniqsa, aholi soni tez o‘sib borayotgan Namangan sharoitida suv ta’minoti tizimini rivojlantirish ijtimoiy barqarorlik va hududlar taraqqiyotining muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga, sohada hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar ham saqlanib qolmoqda.
Hozir 386,9 ming nafar yoki 12,1 foiz aholi ichimlik suvidan muqobil manbalar orqali foydalanmoqda.
Bugungi kunda 8,5 ming kilometrdan ziyod ichimlik suvi tarmoqlarining qariyb 20 foizi rekonstruksiyaga muhtoj. Mavjud suv inshootlarining ham bir qismi kapital ta’mirni talab qiladi.
E’tiborli jihati shundaki, bugun sohadagi ishlar faqat quvur yotqizish yoki yangi quduq qazish bilan cheklanib qolmayapti.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki hamda OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida suv tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy hisoblash qurilmalarini o‘rnatish, suv sarfini nazorat qilish va SCADA raqamli boshqaruv tizimini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
2026-yilda Respublika byudjeti va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan o‘nlab yangi ob’ektlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Kosonsoy, Pop, Chortoq, Chust tumanlari va Yangi Namangan shaharchasida amalga oshirilayotgan loyihalar ana shu maqsadga xizmat qiladi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sohadagi asosiy vazifa endi faqat qamrovni oshirish emas. Bugun suv ta’minoti tizimining ishonchliligi, xizmat sifati, energiya samaradorligi va raqamli boshqaruvni ta’minlash masalalari birinchi o‘ringa chiqmoqda.
– “Namangan suv ta’minoti” AJ tomonidan 2025-yilda ham salmoqli ishlar amalga oshirildi, – deydi Namangan suv ta’minoti AJ direktori Muxtorjon Hojiyev. – Bir yil davomida ichimlik va oqova suv tarmoqlaridagi 13 mingdan ziyod avariya va nosozlik bartaraf etildi. 18,5 mingdan ortiq suv namunalari laboratoriya tahlillaridan o‘tkazilib, aholiga yetkazilayotgan suv sifati doimiy nazoratda saqlanadi. Amalga oshirilayotgan loyihalar yakunlangach, 46,7 ming nafar aholi birinchi marta markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 58,4 ming nafar aholining suv ta’minoti sifati yaxshilanadi. Natijada viloyatning ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 87,9 foizdan 89,4 foizgacha oshishi kutilmoqda.
Eng muhimi, bu raqamlar ortida inson manfaati, aholi salomatligi va turmush sifati turibdi. Namangan viloyatida murakkab geografik sharoit va infratuzilmaga tushayotgan yuqori yuklamaga qaramay, sohada olib borilayotgan tizimli ishlar suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha uzoq muddatli va barqaror yechimlar shakllanayotganidan dalolat beradi.
Zero, suv bu shunchaki kommunal xizmat emas. U aholi farovonligi, hududlar rivoji va inson qadrini ta’minlashning muhim mezonlaridan biridir.
Nilufar Bozorova, O‘zA