Namanganda Koreya ta’lim dasturi ommalashadi
Namanganda Koreya Respublikasining Yodju texnika instituti vakillarining oliy ta’lim qamrovi masalalari bo‘yicha taqdimot marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda viloyatdagi umumta’lim maktablarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari, ustoz muallimlar, Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Unda “World Edupia corporation” kompaniyasi bosh menejeri Koreyaning Hangkyong milliy universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha direktori, professor Sul Min Sin va xalqaro hamkorlik bo‘yicha direktor o‘rinbosari, professor Lim Seung Von, Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti prorektori, professor Karimjon Ahmadjonov qatnashdi.
Tadbirda namanganlik yoshlarni Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti va Koreyaning Hangkyong milliy universiteti hamkorlikda “2+2”, “3+1” formatida oliy ta’limda tahsil olishga hamda bu borada loyihalar asosida ko‘maklashishga tayyorligi taqdimotlar vositasida tushuntirildi.
– Koreya – bugungi kunda texnika, ishlab chiqarish va ta’lim sohalari jadal taraqqiy etgan dunyodagi rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Jahonga dong‘i ketgan “LG” va “Samsung” kompaniyalari bunga yorqin misol bo‘ladi oladi, – deydi Koreyaning Hangkyong milliy universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha direktori, professor Sul Min Sin. – Vaholanki, bizning mamlakat bundan 70 yil avval barcha sohalarda orqada qolib ketgan edi. Hozirgi darajaga esa faqat ilm-fan va ta’limga e’tibor qaratish orqaligina erishildi. Ayni kezda Uchinchi Renessans sari odimlayotgan O‘zbekistonda ta’limni davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bizning maqsadlarimizga ham mushtarak keladi.
Taqdimotda qayd etilganidek, Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 dekabrdagi 1007-son qaroriga asosan tashkil etilgan bo‘lib, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun barcha litsenziyalarga ega. Mamlakatimiz hududida institut tomonidan berilgan diplom to‘laqonli tan olinadi. Ushbu oliygoh joriy yilda O‘zbekistondagi nodavlat oliy o‘quv yurtlari orasida birinchilardan bo‘lib, “Kazasee” va “Iqaa” agentliklarining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Ayni paytda Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida 30 ta, uning Namangan shahridagi filialida 16 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim va ishlab chiqarishning uzviyligini ta’minlash asosida yuqori malakali zamonaviy kadrlar tayyorlanmoqda. O‘quv dasturlari Koreyaning “Top 10” taligiga kirgan nufuzli oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tomonidan olib boriladi. Mutaxassisliklar orasida biznes, pedagogika, texnika, tibbiyot va xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqish katta ekanini ta’kidlash joiz.
Institut o‘z faoliyatini Yevropa va Osiyoning yetakchi oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlik o‘rnatgan holda, ta’lim jarayoniga Buyuk Britaniya, AQSH, Belgiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlardan kelgan xalqaro professor-o‘qituvchilar keng jalb qilgan. Koreya delegatsiyasi vakillari tashrifning ikkinchi yarmida Toshkent shahridagi Yodju texnika institutining Namangan filialida bo‘lib, bunyodkorlik ishlari va ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Filialda tahsil olayotgan talabalar ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, foydali maslahatlar berildi.
Tashrif yakunida Yangi O‘zbekistonning barkamol avlodlarini munosib tarbiyalash, ta’lim sifatini yuqori darajaga olib chiqish, yetuk salohiyatli mutaxassislarni tayyorlashda “World Edupia corporation” kompaniyasi va Koreya Respublikasining Hangkyong milliy universiteti bilan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.