Namanganda hashar: birdamlik va shukronalik samarasi
Obod yurtning fayzi, tarovati o‘zgacha bo‘ladi. Zotan, ozodalik, poklik, sarishtalik yurtimizning yanada ko‘rkamlashuviga zamin hozirlaydi. Bunda elimizning asrlar davomida shakllangan ezgu qadriyati – hashar alohida ahamiyatga ega.
Har yili Navro‘z bayrami arafasida ayyomni munosib kutib olish va nishonlash maqsadida hashar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostidagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari Namangan viloyatida ham ko‘tarinki ruhda kechmoqda. Har bir mahalla, mehnat jamoasida o‘zgacha shukuh. Kimdir xazonlarni supirayotir, boshqa biri qo‘liga ketmon olib yerni yumshatayapti, daraxtlarga shakl bermoqda. Yo‘l yo‘lakay ularga “Hormang!” deya lutf qilganda hamyurtlarimizning yuzlarida o‘zaro mehr-u oqibat ifori-yu bugungi qutlug‘ Ramazon oyi kunlaridan shukronalik va tabassumni ko‘rasiz.
Xayriya hasharida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limi, viloyat hokimligining gazetalari tahririyatlari alohida jonbozlik ko‘rsatishdi. “Namangan haqiqati”, “Namanganskaya pravda” ijodiy jamoalari va internet saytlari xodimlari hamda respublika ommaviy axborot vositalarining viloyatdagi muxbirlari yangitdan kapital rekonstruksiyadan chiqarilgan “Matbuot uyi”ning atrofi va hovli qismlarida 30ga yaqin daraxtga shakl berib, turli chiqindilardan tozalashdi. Fayzli maskanga yanada chiroy bag‘ishlaydigan gul ko‘chatlari ham ekildi.
[gallery-16460]
Davlatobod tumanidagi 28 ta mahalla hududlari, tashkilot, korxona va muassasalarda ham xayriya hashari ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda. Mahalla ko‘chalari, hovlilar atrofi, ko‘pqavatli turar joylar, bolalar maydonchalaridan tortib xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar tartibga keltirilmoqda. Ko‘pchilikni birdamlikka, ahillikka va mehr-oqibatga undayotgan hasharda Namangan viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, Ekopartiya viloyat bo‘limi xodimlari ham faol ishtirok etishmoqda. Hasharda binolar atroflari tozalanib, chang g‘uborlardan tozalandi, daraxtlarga shakl berilib, taglari oqlandi. Shuningdek, yangi gul va ko‘chatlar ekilmoqda.
Xayriya hasharida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufidagi Namangan shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan joylarda ehtiyojmand, yordamga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan keksa va nogironligi bor fuqarolar holidan xabar olinib, ularning xonadonlarida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Barcha mahallalarda Ramazon oyi va Navro‘z bayrami munosabati bilan keksa va nogironligi bo‘lgan kishilarga biriktirilgan ijtimoiy xodimlar tomonidan ularning xonadonlarida hashar uyushtirildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 100 dan ortiq mevali daraxt nihollari o‘tqazildi.
– Namangan viloyatida uch kunlik xayriya hashari mobaynida jami 6 ming 241 gektar hudud obodonlashtiriladi, – deydi O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ilhomjon Ikromov. – Umumiy hisobda 1 million tupga yaqin mevali va manzarali nihol, 1 million tupdan ortiq gul ko‘chati o‘tqazish, 299 ming gektar tomorqa yerlarini chopib, bahorgi ekinlar ekish, 683 ta qabriston va 33 ta ziyoratgohni obodonlashtirish rejalashtirilgan. Qolaversa, ulug‘ oy sharofati bilan ikki mingga yaqin nogironligi bor, bemor kishilar va yakka-yolg‘iz yashovchi keksalarni yo‘qlab, ularning ko‘ngillarini ko‘tarish kabi ezgu ishlar bajariladi.
<iframe width="928" height="522" src="https://www.youtube.com/embed/_o115yKNSL4" title="Namanganda hashar: birdamlik va shukronalik samarasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri