Namangan: tashrif shukuhi
“Sizdan rozidir ming-ming o‘zbek oilalari!”
Bilasizmi, keyingi ikki, uch oy davomida namanganliklar Sizni sog‘inishdi, intiq kutishdi. Qayerda bo‘lmaylik hamma biri-biriga savol beradi: “Prezidentimiz qachon kelar ekanlar-a?”, “Xabaringiz yo‘qmi, tashrif qachon ekan?” Ha, so‘rovchi garchi bu savolga javob ololmasa ham baribir bir-birlariga shu savolni berishar va avvalgi tashrif vaqtidagi xushnudliklarini yashira olishmas edi. Ular kutgan kun keldi. Siz, 16 sentyabr kuni viloyatimizning havo darvozasidan kirib keldingiz. Xabarimiz bor, o‘tgan yilgi tashrifingizda aeroportning yangi loyihasi taqdimoti bilan tanishgan edingiz. O‘shanda biz o‘zgacha mehrli munosabatingizni yana bir bor his etgandik. Axir uzoqni yaqin qiluvchi bu havo ulovi qo‘nish – uchish joyini avlodlarimiz bejiz tayyoragoh deyishmagan ekan. Hamma narsa taxt, tap-tayyor maskan bo‘lishi kerak ekanda tayyoragoh.
Darhaqiqat, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng bizni boshqa davlatlar, ellar-elatlar tan oldi. Mustaqil yurtimizga qiziquvchilar ko‘paydi. O‘sha onlarda shoir va hofiz bejiz kuylamagan edi: “O‘ngga keling, so‘lga keling! Bu mustaqil yurtga keling! Hamda chilvir sochga keling!”.
Aeroportimiz zamon talabidan orqada, turistlar oqimini “qabul qilolmas” edi. Boz ustiga dovrug‘i dunyoga ketgan Namanganning olmasini, anoru uzumini, qovun-tarvuzini xorijliklarga yetkazib berishning iloji bo‘lmasdi. Xizmatlar eksporti yo‘q edi. Siz aeroportda bo‘lgan vaqtingizdayoq “Prezident UZ” sayti barcha tahlillarni keng yoritdi.
“Uch qavatli qilib qurilayotgan yangi terminalda yo‘lovchi tashish quvvati 2,5 karra oshadi. Chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi, Duty free do‘konlari zamonaviy tashkil etiladi.
Shuningdek, aeroportda ulkan yuk terminali qurilmoqda. U kuniga 50 tonna yuk tashish va 90 ta mamlakatga eksport qilish imkonini beradi. Eng muhimi, bu orqali vodiyda yagona kargo tizimi yaratiladi. Hududning biznes, eksport va tranzit salohiyati oshadi.
Masalan, bu yil Namangan viloyatiga 1,5 million xorijiy va ikki milliondan ortiq mahalliy sayyohlarni jalb qilish, xizmatlar eksportini 210 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan...
Aeroportda maxsus servis texnikalari ham yangilanadi. Bu turli hajmdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Shuningdek, keytering, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa xo‘jalik binolari quriladi. Yangi terminallar kelgusi yil ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan...
Siz amalga oshirilayotgan ishlardan qoniqmadingiz. Shu bois muhim ko‘rsatmalar berdingiz: “Dunyoning ilg‘or tajribasidagi kabi, aeroport atrofida mehmonxonalar, savdo va ko‘ngilochar majmualar, barcha zamonaviy xizmatlar bo‘lishi zarurligini ta’kidladingiz. Avtoturargoh va servis ob’ektlari tashkil etib, mehmonlar uchun qulayliklarni kengaytirish vazifasi”ni qo‘ydingiz. Bu biz namanganliklar uchun iftixor emasmi?!
Aeroport hududiga ham paxta ekilgan onlar yodimizda. Bu hududdan chiqib Pop sari yuzlangan odam paxta yetishtirishdek mashaqqatli mehnat har bir o‘zbek oilasiga chirmoviqday yopishganini ham bilamiz. Bugun esa tumanlararo avtomagistral yo‘lining ikki tomonida zamonaviy sanoat inshootlari, ko‘p qavatli turar joy massivlari.
Chust tumanidagi “Megaton” korxonasini ko‘rish istagi har bir kishi qalbidan o‘tgani aniq. Negaki, serfarzand xalqimiz uchun uy-joy muammosi hamisha o‘tkir masala bo‘lib kelgan. Sizning tadbirkorlarga yaratayotgan sharoitingiz ularning “qo‘lini uzaytirdi”, rejasini tiniqlashtirdi. Axir o‘zbek qachongacha paxsa devorli uyda, xom g‘ishtli xonadonda yashashi mumkin edi?! Bizni zamonaviy turar joylarda yashashga haqli ekanligimizni, “xalqimiz ertaga ham emas, bugun yaxshi yashashga haqli ekanligini” Siz tushuntirdingiz. Buning uchun uy-joy arzon bo‘lishi, ya’ni qurilish materiallari mahalliylashtirilishi kerak.
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan, "Turonbank" tomonidan moliyalashtirilgan gazoblok korxonasi shulardan biri. 40 million dollarlik ushbu loyiha doirasida Xitoy, Germaniya, Daniya kabi davlatlardan innovatsion texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan. Shu bois, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va samaradorligi yuqori.
Masalan, Germaniya texnologiyasi energiya tejamkorlikni ta’minlaydi. Bunday gazoblokdan qurilgan binoni tashqi izolyatsiya qilish shart bo‘lmaydi, ichkaridagi issiqlik va salqinlik to‘rt karra kam yo‘qotiladi. Natijada elektr energiyasi xarajati 45 foizgacha qisqaradi.
Ishlab chiqarishda “Megaton” korxonasiga qarashli “Namangan sement”ning 550 markali sementidan foydalaniladi. Bu orqali qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratilgan. Korxonada 500 ta yangi ish o‘rni ochilgan.
Mazkur korxonada yiliga 600 ming metr kub mahsulot ishlab chiqariladi. Bu viloyatda g‘ishtga bo‘lgan ehtiyojning 28 foizini qoplashi kutilmoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichida avtoklav gazoblok devori, maxsus kley, kimyoviy qorishma va suvoqlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan”.
Kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish uchun hamma imkoniyat yaratilyapti. Birgina viloyatimizning o‘zida 73 ta sanoat zonasi yaratilibdiya. Qariyb 1,5 ming gektar maydondagi bu hududda necha-necha odam ishlab, qora qozonini qaynatish imkoniga ega bo‘ldi. Birgina Siz qadam ranjida qilgan “Taraqqiyot” sanoat va servis zonasidagi loyihalardan ko‘zimiz quvondi.
“G‘ijduvon tajribasi” asosida 10 gektar maydonda tashkil etilgan ushbu zonada 113 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning barqaror ishlashi uchun byudjet hisobidan elektr energiyasi, ichimlik va oqova suv tarmoqlari, ichki yo‘llar kabi zarur infratuzilma barpo etilgan.
Natijada yiliga 500 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvati vujudga keldi, 4 ming 800 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yondash mahallalardan 170 nafar tadbirkor jalb etilgani, 350 dan ziyod xonadonda kooperatsiya asosida mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani aholining iqtisodiy faolligini yanada oshirmoqda...
Shu yerda sizga Namangan viloyatida shaharsozlik va uy-joy qurilishi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar haqida ma’lumot berildi. Bu ishlar aholi uchun zamonaviy yashash sharoitlarini ta’minlash va hududlarni kompleks rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi”.
“Suv hayot manbai” ekanligini hammamiz bilamiz. Garchi Namangan shahri zamini tabiatan namchilligi yuqori bo‘lsada, toza ichimlik suvi hamisha muammo bo‘lib kelgan. Sobiq sovet davlatida mablag‘ ajratish oson kechmas edi. Davlatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki besh yillikda bu masala nihoyatda o‘tkirligicha qolmoqda edi. Shu bois “Qizilravot – Namangan” toza ichimlik suvi tarmog‘i qurilishi zarbdor bunyodkorlik darajasiga ko‘tarildi. Shu loyiha bois Namangan shahar aholisining ehtiyoji ma’lum darajada qondirildi. Men o‘sha yillari “Namangan sadosi” gazetasida ishlar va “Qizilravot”da muxbirlar guruhini tashkil etgandik. Siz, Chortoq tumanidagi “Ayqiron-1” nasos stansiyasini ko‘zdan kechirganingizda Katta Farg‘ona kanalini, Katta Namangan magistral kanalini qurilishlari ham ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Ma’lumotdan bildimki, mazkur nasos orqali 815 gektar yer sug‘oriladi. Bu aytmoqqa oson. Shuncha gektar yerdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari dasturxonimiz to‘kin-sochinligi asosi emasmi? Shuning uchun Siz bugun “Ayqiron-1” tajribasini ommalashtirish kerakligini ta’kidladingiz.
“Tadbirkor tomonidan davlat-xususiy sherikligi asosida bu yerga energiya tejamkor agregat va zamonaviy uskunalar o‘rnatildi. Yangilangan tizim yiliga qirq foizgacha elektr energiyasini iqtisod qilish imkonini bermoqda.
Viloyatda ikki yuzdan ortiq nasos stansiyasi bor. Ulardan 43 tasi “Nammotors suv ta’minot” korxonasiga davlat-xususiy sherikligi asosida 10 yil muddatga boshqaruvga berilgan. Bu jarayonga 40 milliard so‘mlik investitsiya yo‘naltirilgan. Inshootlarga o‘rnatilayotgan nasos agregatlari mahalliylashtirilgan”. Siz, boy hayotiy tajribaga ega bo‘lgan Preziyent “Faqat texnologiyalarni yangilash bilan cheklanib qolmasdan, ularni malakali boshqarish va to‘g‘ri foydalanish ham muhimligini ta’kidladingiz. Ilm va bilim bilan ish yuritilsa, modernizatsiyaning iqtisodiy samarasi yuksaladi. Qishloq xo‘jaligida hosildorlik ortib, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi turmush darajasi yaxshilanadi”, dedingiz.
Sovet davrida Moskvada o‘qirdim. Rossiyaning turli hududlarini kezdim. Sayohatlarning birida farel balig‘i haqida gapirib berishdi. Ma’lum bo‘ldiki, tanasi xoldor bu jonzot bizda xonbaliq deb yuritilardi. Uchqo‘rg‘onlik nuroniy Abduqodir O‘tbosarov bor. U irrigator va quruvchi. Pensiyaga chiqib ham bekor o‘tirmadi. Uchqo‘rg‘ondagi imkoniyatlar haqida Prezidentga xatlar yozdi. Mahalliy rahbarlar dastlab uni ayblashdi. “Nafaqada bo‘lsangiz, jim yashayvermaysizmi? Siz yozgan takliflarga juda katta mablag‘ kerak” – deb. Ammo Siz, Yurtboshimizning qo‘lingizga tushgan murojaatning yechimi albatta, ijobiy bo‘larkan. Norin daryosining Uchqo‘rg‘on shahri yuqori qismidagi o‘zanlari “farel” baliqzorlariga to‘ldi. Bu tansiq ne’mat rivoji joylarda ham avj oldi. Bugun gulmohi balig‘i yetishtirishga ixtisoslashgan Norin tumanidagi “Fishvel Norin” korxonasi faoliyatidan so‘zlasam, uch million dollar hisobiga shunday loyiha boshlangan. Ikki gektardan ziyod hududda 76 ta innovatsion havza tashkil etilgan. Hozirgi kunda shundan 40 tasi ishga tushirilgan bo‘lib, super intensiv usulda gulmohi balig‘i yetishtirilmoqda. Umuman, bu yerda yiliga ikki ming tonna tansiq go‘sht yetishtirilib, besh million dollarlik eksport qilish mo‘ljallangan...
Buni yanada kengaytirib, Norin va Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi 100 ta oilani baliqchilikka jalb etish rejalashtirilgan. Jumladan, ikki ming tonna gulmohidan 500 tonnasi xonadonlarda yetishtiriladi. Natijada 300 dan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.
Shu yerda Sizga “Islohotlar shtabi” faoliyati yuzasidan axborot berildi. Qayd etilganidek, tadbirkorlar bilan birgalikda 1 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularning natijasida jami 12 ming ish o‘rni, byudjetga qo‘shimcha 200 milliard so‘m tushum, 160 million dollar eksport manbai paydo bo‘ladi.
Tumandagi “Rasulov G‘ofurjon o‘g‘li Bahodir” fermer xo‘jaligi dalasida ham bo‘lib, paxta terimini ko‘zdan kechirdingiz. Bu yerda xorijiy g‘o‘za navi ekilib, yuqori hosil yetishtirilgan. Kimyoviy ishlov berishga uchuvchisiz apparatlar, terimga zamonaviy mashinalar jalb etilgan. Ular yordamida paxta nest-nobud qilinmay, toza terib olinyapti.
Oddiy odamlar og‘zidan ko‘p eshitamiz: Prezident mahalliy rahbarlar tomonidan tayyorlab qo‘yilgan joylardan ko‘ra “marshrut”ni o‘zlari belgilasalar edi...”. Ana shunday kutilmagan marshrutlar Sizning qat’iyatingiz bilan bo‘lyapti. Og‘ir sharoitli joylar Sizning g‘amxo‘rligingiz bilan obod maskanga aylanyapti. Buni biz Namangan shahrining “Bunyodkor” mahallasida yashovchilar o‘z hayotimizda ko‘rdik, bildik, his etdik. Endi bunga Sho‘rariq mahallasi fuqarolari ham guvoh bo‘lishadi.
“Mahallaning sharoiti og‘ir. Ichki yo‘llar ta’mirtalab, ko‘cha chiroqlari va lotoklar yo‘q. Bu yerda 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz bor, 157 odam migratsiyada”.
Yaqin kunlarda mazkur hududda Sizning tavsiyangiz va ko‘rsatmangiz bo‘yicha zamonaviy “mahalla guzari va sayilgoh barpo etiladi, bolalar va sport maydonchalari, kutubxona, kasb va til o‘rgatish markazi, bank shoxobchasi tashkil qilinadi. Maktab va bog‘chalar davlat investitsiya dasturi doirasida kapital ta’mirlanadi. Ko‘chalar asfaltlanib, manzarali va mevali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekiladi. Eskirgan va hosildorligi past bog‘lar to‘liq yangilanadi. Ijtimoiy shartnoma asosida odamlar o‘z uylarini tartibga keltiradi.
Umuman, butun mamlakatimizda quyi tizimda ishlarni “jonlantirish” bo‘yicha qaror ishlab chiqilayotgani aytildi. Tuman va mahallalarga yangicha qiyofa olib kirish uchun byudjetdan jami 5 trillion so‘m ajratiladi. Jumladan, Namanganda Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan, qolgan tumanlarning ikkitadan “og‘ir” mahallasiga esa 5 milliard so‘mdan yo‘naltirilib, ularni mehnatda namunali, hayoti farovon, tadbirkorlikda yetakchi hududga aylantirish choralari ko‘riladi”.
Namangan shahar tarixini yozish asnosida sovet davrida qurilgan gidroelektrostansiyalar va ular haqida o‘qiganim bor edi. Biroq Siz, davlatimiz rahbari o‘tgan yili 25 mart kuni Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishini boshlash fikrini ilgari surgandingiz. Bu galgi tashrifingizda Norin GESlar kaskadining dastlabki bosqichini ishga tushirdingiz.
Eng muhimi, u to‘liq mahalliy mahsulot va uskunalar asosida barpo etildi. Shu ma’noda, uni mamlakatimizdagi “birinchi milliy GES” deyish mumkin. GES bir yilda171 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu yerda 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Loyiha natijasida 430 mingta xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, yiliga 290 million kub metr gaz tejaladi. Bu iqtisodiyot uchun qariyb 300 milliard so‘mlik qo‘shimcha manfaat demakdir. Shu jihatdan “Norin GESlar kaskadi” nafaqat energetik, balki ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ham ega.
Norin GESlar kaskadi – yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan strategik loyiha hisoblanadi. 2026 yilda ikkinchi va uchinchi, 2027 yilda qolgan stansiyalar ham ishga tushiriladi. Har bir stansiyaning quvvati 38 megavatt bo‘lib, ularning faoliyatida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi”.
Bolaligimning beg‘ubor va betashvish onlari aynan Norin daryosi va undan suv oladigan kanallar bo‘yida o‘tgani uchun bu milliy GESlar menga qanchalar qimmatli...
Muhtaram Prezident! Tashrif yakunida faollar bilan o‘tkazgan yig‘ilishingiz, biz namanganliklar uchun olam-olam yangilik bo‘ldi. Bu ishlarni sharhlash alohida mavzu.
“Eng yaxshi namuna ko‘rsatib, aholisini rozi qilgan hududga “Prezident tumani” va “Prezident mahallasi” maqomi berilib, ularga yana qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim qilinishiga” mahalla va tumanlarda yashovchi har bir fuqaro o‘zining shaxsiy hissasini qo‘shishi kerak. Uzoq yillik jurnalistlik faoliyatim bilan men ham shu harakatning bosh bo‘g‘inida bo‘laman.
Rahimjon IRISOV,
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi