Namangan sochiqlariga dunyo xaridor
Sobiq tuzum davrida O‘zbekistonda sanoatni rivojlantirishga umuman e’tibor qaratilmagan. Sababi ma’lum, “markaz” yurtimizni asosan agrar respublika, xomashyo bazasi sifatida tutib turishdan manfaatdor bo‘lgan.
Sobiq tuzum davrida O‘zbekistonda sanoatni rivojlantirishga umuman e’tibor qaratilmagan. Sababi ma’lum, “markaz” yurtimizni asosan agrar respublika, xomashyo bazasi sifatida tutib turishdan manfaatdor bo‘lgan.Ta’bir joiz bo‘lsa, hovlilarimizning ostonasigacha chigit ekilib, million-million tonna paxta yetishtirilgan o‘sha davrlarda Namangan viloyatida bir-ikkita ip yigiruv fabrikasi, bitta to‘quvchilik kombinatidan boshqa sanoat korxonasi bo‘lmagan. Unda to‘qilgan va sifati haminqadar gazlamalar ombordan omborga tashilaverib, titilib ketardi. Dehqonlarimiz yetishtirgan paxtadan tayyor mahsulot ishlab chiqarish yoki eksport qilish u yoqda tursin, mahalliy aholi ehtiyojini qondirishning ham uddasidan chiqa olmasdi bu korxona.
Bugun-chi? Mustaqillikning o‘tgan tarixan qisqa davrida Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilayotgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” zamiridagi iqtisodiy islohotlar samarasida mamlakatimiz iqtisodiyotida sanoat yetakchi tarmoqqa aylanmoqda.
Bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularning emin-erkin rivojlanishi uchun yaratilayotgan huquqiy va tashkiliy asoslar, berilayotgan keng imtiyoz va imkoniyatlar muhim omil bo‘layotir.
Namangan shahrida 2009-yilda faoliyat boshlagan “Namangan momiq sochiqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati bugun viloyatdagi yetakchi eksportchi korxonalardan biriga aylangani fikrimiz dalilidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Tashabbus – 2015” ko‘rik-tanlovining Namangan viloyati bosqichida “Namangan momiq sochiqlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari G‘iyosiddin Boboxonov “Eng yaxshi tadbirkor” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.
– Korxonani tashkil qilishda davlatimiz rahbari tomonidan sanoat ishlab chiqarishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor muhim ahamiyat kasb etdi, – deydi G‘.Boboxonov. – “Agrobank”ning Namangan filiali tomonidan ajratilgan 850 million so‘m kredit mablag‘i biznes loyihamizni amalga oshirishda tayanch sarmoya vazifasini o‘tadi.
Bugungi taraqqiyot sur’ati tadbirkordan uzoqni ko‘ra bilish, tobora kuchayib borayotgan raqobatga bardosh berish uchun yangi biznes loyihalar ustida izlanishni taqozo etadi. Aks holda, yaxshi niyatlar bilan boshlangan ish yarim yo‘lda kasodga uchrab, sarflangan sarmoya havoga sovurilishi hech gap emas.
Shuni hisobga olgan tadbirkor ishning boshidayoq aniq mo‘ljal bilan harakat qildi. Jahon bozoridagi talab va taklifni, bevosita shu yo‘nalishdagi rivojlangan korxonalar tajribasini atroflicha o‘rganib, o‘zining strategiyasini belgilab oldi. Korxona xorijdan keltirilgan zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlanib, mahalliy xomashyo – yuz foiz paxta ipidan momiq sochiqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Korxonaning sifat va dizaynda xorijnikidan aslo qolishmaydigan mahsulotlari tez orada bozordan munosib o‘rin egallab, chet ellik xaridorlarning ham e’tiborini tortdi.
Tashqi bozorga chiqariladigan mahsulot “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i ostida chet ellarda yurtimiz obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi kerak. Korxona ana shu ezgu maqsad yo‘lida 2014-yilda yana 2 million 800 ming AQSh dollari miqdorida bank kreditini rasmiylashtirib, ishlab chiqarishni rivojlantirdi. Joriy yil boshida ishlab chiqarish to‘liq modernizatsiya qilindi.
Buning samarasida ko‘zga tashlangan dastlabki yutuq ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilgani bo‘ldi. 2014-yilda jamoa a’zolari 62 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, texnik va texnologik yangilash, qo‘shimcha liniyalarning ishga tushirilishi hisobiga 130 qo‘shimcha ish o‘rni yaratildi. Ayni paytda korxonada 200 ga yaqin kishi doimiy ish bilan band.
Ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar samarasi mahsulot turi, sifati va hajmining ortishida ham o‘zining yorqin ifodasini topdi. Hozir bu yerda “ART SOFT TEX” yorlig‘i bilan turli bichim va rangdagi momiq sochiqlar, erkaklar va ayollar xalati, chaqaloqlar o‘ramasi, vannaxona gilamchasi va qo‘lqop kabi 400 dan ortiq turdagi eksportbop mahsulotlar tayyorlanmoqda.
Bugun bu yerda ishlab chiqarilayotgan sochiqbop momiq hamda yuqori sifatli barxit matolarga talab va ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
ISO 9001-2008 sifat tizimi sertifikatiga ega bo‘lgan korxona mahsulotlarining to‘qson foizi Amerika Qo‘shma Shtatlari, Rossiya va bir qator Yevropa mamlakatlariga eksport qilinayotgani kishiga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. 2014-yilda 9 milliard so‘mlikdan ziyod yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, uning 1 million 300 ming dollar qiymatiga teng qismi eksport qilindi.
Korxona jamoasining joriy yilgi rejalari, uni amalga oshirish yo‘lidagi intilishlari yanada ulkan. Yilning dastlabki to‘rt oyida ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 80 foizga ortib, 6 milliard so‘mni tashkil etdi. Xorijga 920 ming dollar miqdorida mahsulot eksport qilindi.
Korxona barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘tgan yilga nisbatan uch barobar o‘sishga erishishni rejalashtirgan. Buning uchun imkoniyatlar yetarli. Eksport geografiyasini yanada kengaytirish maqsadida Fransiya, Germaniya ishbilarmonlari bilan shartnomalar tuzish borasida muzokaralar olib borilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotni liberallashtirish, tarmoqlar raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini mustahkamlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, yuqori texnologiyali muhim quvvatlarni ishga tushirish kabi istiqbolli masalalarga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasi “Namangan momiq sochiqlari” kabi ko‘plab korxonalar erishayotgan muvaffaqiyatlarda o‘z ifodasini topmoqda.