Nafsiga qul bo‘lishning oqibati
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Baxmal tuman bo‘limi tomonidan ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Nafsamqul Bostamqulov (maqoladagi personajlarning ismi-sharifi o‘zgartirildi) shu tuman hududidagi dam olish maskani qurish uchun ajratilgan 60 sotix yer maydonining 20 sotixini firibgarlik yo‘li bilan sotayotganida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Nafsamqul tekin daromad orttirib, tezda boyib ketish rejasini tuzgan edi. Yo‘lida uchragan qo‘shni qishloqlik Aliqul: “Baxmalning tog‘li hududidan archali, soyida suvi bor joy bo‘lsa 20 sotixini sotib olardim, puli naqd”, deya yorilib qoldi.
Ikki og‘ayni kelishib, tumandagi dam olish maskani qurilishi uchun ajratilgan 60 sotix yerning 20 sotixini 12 ming AQSH dollariga “Bor baraka!” qildi. Kelishilgan pulni olib, Aliqul kelishilgan joyga olib boradigan bo‘ldi...
Boshqa birovga tegishli bo‘lgan yerni kimgadir sotib, boyib ketaman, deb daraxtning shoxida yurgan Nafsamqul, DXX va IIB xodimlarining bargida yurganini sezmay qoldi. Kelishilgan pulning 10 ming AQSH dollarini olganida huquq-tartibot idoralari xodimlari paydo bo‘ldi va uning qo‘llariga kishan soldi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan Nafsamqul Bostamqulovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati o‘tkazilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA