Nafosat malikalari musobaqasi
Namanganda badiiy gimnastika bo‘yicha “Olimpiya umidlari” respublika ochiq turniri bo‘lib o‘tdi.
Namanganda badiiy gimnastika bo‘yicha “Olimpiya umidlari” respublika ochiq turniri bo‘lib o‘tdi.Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan musobaqada viloyatlar va Toshkent shahridan 160 ga yaqin yosh sportchi o‘zaro bahslashdi.
Prezidentimiz rahnamoligida aholi, xususan, ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil ishlar jarayonida sport va sog‘lom turmush tarzi tamoyillaridan samarali foydalanish, ayniqsa, qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Qizlarining sport, xususan, badiiy gimnastika bilan shug‘ullanishi istagida bo‘lgan ota-onalar ko‘payib bormoqda, – deydi Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Hilola Yusupova. – 2005-yilda mingga yaqin qiz badiiy gimnastika bilan muntazam shug‘ullangan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 6 mingdan oshdi. Bunda bolalar sportini rivojlantirish dasturi doirasida sport bilan shug‘ullanish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilayotgani muhim omil bo‘layotir.
Yosh sportchilar bulava, arg‘amchi, halqa, to‘p, tasma kabi buyumlarda bajariladigan nozik mashqlarni musiqa sadolari uyg‘unligida namoyish qildi.
Turnirning sport ustaligiga nomzod qizlar o‘rtasidagi guruh bahslarida Buxoro viloyatining “Nafis” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Samarqand va Namangan viloyati terma jamoalari tegishlicha ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Eng kichik ishtirokchilar o‘rtasidagi jamoaviy mashqlarda Toshkent shahri vakillari g‘oliblik shohsupasining yuqori pog‘onasini band etdi. Qashqadaryolik kichkintoylar ikkinchi, namanganlik sportchilar uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
2003-2007-yillarda tug‘ilgan sportchilarning shaxsiy bellashuvlarida Toshkent viloyatidan Kristina Pak, Natali Muratova, Qashqadaryo viloyatidan Sevinch Bozorova, Sirdaryo viloyatidan Jasmina Yorbekova, Andijon viloyatidan Oygul Mashrabboyeva o‘z yosh toifasida g‘olib bo‘ldi.
Umumjamoa hisobida Buxoro viloyati qizlari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Toshkent shahri badiiy gimnastikachilari ikkinchi va Namangan viloyati terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga kubok, diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.