“Nafosat” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi
Poytaxtimizda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamkorligida “Nafosat” ko‘rik-tanlovi hamda "O‘zbek ayolining jamiyatdagi qiyofasi” mavzusida konferensiya tashkil etildi.
Ushbu tanlovdan ko‘zlangan maqsad zamonaviy milliy liboslarning eskizlarini yaratishga ko‘maklashish, bu eskizlarni tadbirkorlarga taqdim qilish hamda ommalashtirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida milliy kiyinish madaniyati targ‘ibotini olib borish, yoshlarda milliy, o‘zbekona liboslarga mehr uyg‘otish va ommalashtirish, kelinlar, turli tashkilotlarda ishlayotgan xotin-qizlarning kiyinish uslubini yanada takomillashtirish, ular o‘rtasida milliy va zamonaviy, mentalitetimizga mos kiyinish madaniyatiga yangi uslub va tamoyillarni joriy qilishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 38-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan 2024 yilning aprel-may oylarida respublikada 3 ta bosqichda “Nafosat” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Abbosjon Mirzorahimov, Badiiy akademiya raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov, “Nafosat” ko‘rik-tanlovi hududiy bosqichlari g‘oliblari hamda tajribali libos dizayni professorlari, mutaxassislar ishtirok etdi.
Tanlov 4 ta yo‘nalish “Zamonaviy ishbilarmon va yetakchi ayol”, “Talaba qiz”, “O‘zbekoyim milliy libosi” timsoli, “O‘zbek ayolining ro‘mol o‘rash san’ati” nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkazildi.

Ko‘rik-tanlovda 18 yoshdan yuqori, o‘z dizaynerlik faoliyatiga hamda mazkur sohada kamida bir yil tajribaga ega bo‘lgan, turli soha vakillarining faoliyatidan xabardor, o‘z liboslarida milliylik va zamonaviylikni uyg‘un ifodalay oladigan tashabbuskor 1 ming 546 nafar ayol va 24 nafar erkak dizaynerlar ishtirok etdi. Tanlovda shuningdek, 2 ming 374 nafar havaskor dizayner ham qatnashdi.
Dizaynerlar o‘rtasidagi tanlovda ishtirokchilar uy bekalari, o‘quvchi-talaba qizlar, yosh kelinlarga, respublikamizning turli tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ishlovchi xotin-qizlar uchun yangicha yondashuvga ega bo‘lgan innovatsion loyihalar asosidagi, milliy va zamonaviy ruhdagi, mentalitetimizga mos ravishdagi kiyimlar andozasini taqdim etdi.
Shuningdek, “Ayollar ensiklopediyasi” kitobining taqdimoti hamda oliy ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan faol xotin-qizlarni taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
N.Usmonova,
O‘zA