Nafislik va go‘zallik bayrami
Sharq gavhari Xiva shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Raqs sehri” xalqaro festivali doirasida sartaroshlik san’ati bo‘yicha stilist-sartaroshlar tanlovi ham o‘tkazildi.
Sharq gavhari Xiva shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Raqs sehri” xalqaro festivali doirasida sartaroshlik san’ati bo‘yicha stilist-sartaroshlar tanlovi ham o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining yosh, iqtidorli stilist-sartaroshlari ishtirok etdi.
Ilgari sartaroshlar faqat aholiga maishiy xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirga kelib ularning mahorati ancha mukammallashgan. Sartaroshlik endi san’at darajasida shakllanmoqda.
Festival doirasida tashkil etilgan tanlov ushbu kasb egalari va moda ixlosmandlarining bayramiga aylandi. Tadbirning shou qismini O‘zbekiston Respublikasi Sartaroshlar va kosmetologlar uyushmasi raisi Farhod Shomurodov va mutasaddi rahbarlar kirish so‘zi bilan ochib berdi.
– Mamlakatimizda moda sanoatining rivojlanayotgani kun sayin iqtidorli stilist va usta sartaroshlar, vizajistlarni kashf etayotir, – deydi F.Shomurodov. – Ayniqsa, ular tomonidan yaratilayotgan yangi ko‘rinishdagi modern uslubi bilan bir qatorda millatimizga xos bo‘lgan milliy uslub o‘ziga xosdir.
– Yaratgan obrazlarim asosan qadimiy urf-odatlarimizga uyg‘un holdagi zamonaviy uslubdir, – deydi Urganch shahridagi “JAADI” go‘zallik saloni stilisti Kamila Karimova. – “Cho‘girma”, “Kalta minor”, “Gujum”, “Osildirma lachak” kabi obrazlar shular jumlasidandir. Tanlovda ishtirok etib, o‘z mahoratimni yanada oshirdim.
Sahnaga birin-ketin chiqib kelayotgan modellarni ko‘rib, chekka tuman va shaharlarimizda ham moda sanoati jadal rivojlanayotganiga guvoh bo‘lasiz. Mohirlik va did bilan yaratilgan har bir obraz nafaqat mahalliy balki xorijlik mehmonlarni ham lol qoldirdi.
– Hozir stilistlar shousini ko‘rib hayratdaman¸ – deydi avstraliyalik sayyoh Juoy Berri Adeleyd. – Yevropa va boshqa mamlakatlarda, hatto, xalqaro moda festivallaridan ham a’lo darajada tayyorlangan obrazlarni, mahoratli dizayner va stilistlarning san’at namunalarini kuzatdim. Taassurotlarim zo‘r.
Tanlov yakunida barcha ishtirokchilar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.