Muzeylar kunida mahorat darslari
Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan “Miniatyura”, “Xattotlik”, “Qo‘lda qog‘oz tayyorlash” san’ati yo‘nalishlarida mahorat darslari tashkil qilindi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyining miniatyura bo‘limi boshlig‘i Saida Jalilova qo‘lda qog‘oz tayyorlash usullarini mahorat darslari orqali namoyish etib berdi. Ma’lumki, miniatyura kalligrafiya, sahifalarni ziynatlash, muqova bezagi bilan bir qatorda qo‘lyozmaning eng asosiy murakkab dekorativ unsurlaridan birini tashkil qiladi.
Miniatyuraning asosiy ahamiyati matn mazmunini tushuntirish va, umuman olganda, dunyoviy xarakterga ega bo‘lgan asarlarni bezashdan iborat. Miniatyura qadimgi nodir qo‘lyozmalarni ziynatlash bilan birga, mazkur asarlardagi ilg‘or insonparvarlik g‘oyalari, olijanoblikka intilish hissi, go‘zallik to‘g‘risidagi tasavvurni ifodalashga ham xizmat qiladi.
[gallery-2437]
Badiiy san’at amaliyotida ham miniatyura muhim o‘rin egallay boshladi. Bu borada quyidagi o‘zgarishlar yuz bermoqda, yosh iste’dodlar miniatyura sir-asrorlarini o‘rganib, yangidan- yangi asarlar yaratmoqda. Miniatyuraning tiklanishi va rivojlanishi o‘zbek madaniyati va san’ati ravnaqining muhim qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Miniatyura va xattotlik yo‘nalishi bo‘yicha mahorat darslarida esa Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi xodimi Baxtiyor Dedashev xattotlik san’atining yaratilish tarixi va yo‘nalishlarini ko‘rsatib berdi. Xattotlik san’atiga to‘xtalsak, bu san’at eng go‘zal va nafis san’at hisoblanadi.
Xattotlik arab tilida "husnixat yozuvchi" degan ma’noni bildirib, yozuv (xat) san’ati, kitob ko‘chirish hamda me’moriy inshootlar, badiiy buyumlar kitobatini yaratish kasbini anglatadi. Sharq xalqlarining ko‘p asrlik tarixiy merosida kitobat san’ati alohida o‘rin egallaydi.
Arab yozuvining 100 dan ortiq turi mavjud. 28 harfdan iborat bo‘lgan arab alifbosining dastlabki shakli "Xatti ma’qaliy" bo‘lib, tik chiziqlar bilan ifodalangan. VII asrdan boshlab uning o‘rnini arab yozuvining eng qadimiysi va mashhuri hisoblangan "Xatti kufiy" egallaydi, so‘ngra xatti ma’qaliy va kufiy xati asosida arab yozuvining san’atkorona yaratilgan 8 xil asosiy uslubi maydonga kelgan. Bular: suls, nasx, muhaqqaq, rayxoniy, tavqi’, riqo’, devoniy va nasta’liq xatlari hisoblanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA