Muzeylar faoliyati yana-da rivojlanadi
2020-yil sentyabr oyidan boshlab davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi “Ochiq eshiklar kuni”, deb eʼlon qilindi.
Munosabat
Jumladan, Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyiga – sanʼat sohasidagi, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyiga – madaniyat va tarix sohasidagi barcha muzeylar faoliyatini ilmiy-tadqiqot va metodik jihatdan muvofiqlashtirish, ularning ushbu yoʻnalishdagi oʻzaro hamkorligini taʼminlash, kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish vazifasi yuklatildi. 2021-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi va Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida muzeyshunoslik, sanʼatshunoslik, madaniyatshunoslik yoʻnalishlarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlar va ilmiy-metodik kengashlar tashkil etish koʻzda tutilgan.
Bu yurtimizdagi barcha sanʼat va tarix yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan muzeylardagi xodimlarning ilmiy salohiyatini yana-da oshirish va ularga yana-da keng sharoit yaratishdek maqsadlarni koʻzlaydi.
2020-yil sentyabr oyidan boshlab davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi “Ochiq eshiklar kuni”, deb eʼlon qilindi. “Ochiq eshiklar kuni” har bir muzeyga tashrif buyuruvchi tomoshabinda yana-da katta qiziqish uygʻotadi va muzeyga tashrif buyuruvchilar safini kengaytiradi.
Shu bilan birga, 2020-2025-yillar davomida bosqichma-bosqich har bir tuman va shaharda tarix va madaniyat davlat muzeylarining filiallari shaklida oʻlkashunoslik muzeylari tashkil etiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Bu bilan har bir hudud tarixi va madaniyati toʻgʻrisida chuqur izlanishlar olib borish, yosh avlodning oʻz hududi tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishishiga keng imkoniyat yaratiladi. Yangi tashkil etilayotgan tuman (shahar) oʻlkashunoslik muzeylarining asosiy vazifasi hudud tarixi, tabiati, etnografiyasining bugungi holati va kelajagi haqida maʼlumotlar beruvchi ashyo va kolleksiyalarni yigʻish, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etishdan iborat boʻladi.
Yurtimiz boʻyicha 200 dan ortiq muzeyning yangidan tashkil etilishi maʼrifat va bilim maskani sifatida moziygohlarga qaratilayotgan amaliy eʼtibordir. Endilikda muzeylarimizda ham “Doʻstlar klublari” tashkil etilishi soha vakillari tomonidan alohida quvonch bilan kutib olindi. Bu muzeylarni yana-da rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va dunyo hamjamiyati bilan aloqalarni oʻrnatishda katta koʻmak boʻlib xizmat qiladi.
2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida madaniyat va sanʼatni yana-da rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi soha rivojida yangi ufqlarni belgilaydi. Unga koʻra, Madaniyat vazirligi tizimidagi teatr, muzey, madaniyat markazlari, konsert-tomosha, taʼlim va boshqa muassasalarning boshqaruv, badiiy ijodiy, yordamchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarining namunaviy shtatlarini takomillashtirish, joylardagi davlat muzeylarida mavjud ekspozitsiyalarni zamon talablariga asosan yangilash, reekspozitsiya qilish, boy madaniy merosimizning chet davlatlarda koʻrgazmalari oʻtkazilishiga keng sharoit yaratilishiga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Bularning barchasi kelajakda muzeyshunoslik va sanʼatshunoslik yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalarning muzey sohasiga boʻlgan qiziqishini tobora kuchaytirish, muzeylarimizda faoliyat yuritayotgan xodimlar mehnatini eʼzozlash, kadrlar qoʻnimsizligining oldini olish, ayniqsa, muzeylarimiz jahondagi yetuk zamonaviy muzeylar qatoridan oʻrin egallashiga zamin yaratadi..
Vasila FAYZIYEVA,
Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi direktori.