Muzeylar faoliyati talabga javob beradimi?
Muzeylar – yurtimiz tarixi, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan osori-atiqalar, noyob buyumlar bilan o‘zligimizni anglashga, o‘tmishdan ibrat olib yashashga undaydi.
Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi misolida
Muzeylar – yurtimiz tarixi, xalqimizning asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan osori-atiqalar, noyob buyumlar bilan o‘zligimizni anglashga, o‘tmishdan ibrat olib yashashga undaydi.
Bugun ana shu maskanlarga aholi, ayniqsa, yoshlar qay darajada tashrif buyurmoqda? Muzeylarda sayyohlar uchun qanday sharoit va qulayliklar yaratilgan? Ana shu savollarga Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi faoliyati misolida javob topishga harakat qildik.
Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi kapital rekonstruksiya qilinib, atrofi obodonlashtirildi, infratuzilmasi tubdan yangilandi. Bu ishlar uchun 500 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Ayni paytda 110 mingdan ziyod eksponat saqlanayotgan mazkur muzeyning “Jome’ me’moriy obidasi“, “Bobur uy-muzeyi”, “Cho‘lpon yodgorlik muzeyi”, “Qal’a yodgorlik majmuasi” bo‘limlari hamda Paxtaobod tumanidagi “Habibiy yodgorlik muzeyi” filiali faoliyat ko‘rsatmoqda.
“Jome’ me’moriy obidasi“ bo‘limida joylashgan adabiyot va san’at galereyasida tariximizga oid 20 mingdan ziyod hujjat, qo‘lyozma va turli davrlarda chop etilgan kitoblar, shuningdek, Andijon adabiy muhiti va xalq amaliy san’atiga oid noyob asarlar, buyumlar o‘rin olgan. XIV asrga oid Bobur uy-muzeyi (Ark ichi) me’moriy obidasida Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar davriga, “Qal’a” me’moriy yodgorligida esa XIX asr va XX asr boshlaridagi Andijon tarixiga, Abdulhamid Cho‘lpon hamda Zokirjon Habibiy yodgorlik muzeylarida o‘zbek adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ijodkorlar hayoti va faoliyatiga oid eksponatlar saqlanmoqda.
– Muzeyimizni bundan ikki yil avval yiliga taxminan 40-42 ming kishi tomosha qilgan bo‘lsa, 2019 yilda 70 mingdan ortiq odam tashrif buyurdi, – deydi Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori o‘rinbosari Rohatoy Muhammedova. – Jumladan, 250 nafardan ziyod xorijlik sayyoh ham muzey eksponatlari bilan tanishdi.
Muzeydagi har bir eksponat yoritish chirog‘i bilan ta’minlandi. Xorijiy sayyohlar uchun suvenirlar sotiladigan do‘kon tashkil etildi. Internetdan erkin foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida muzey hududida Wi-Fi internet zonasi yaratildi. Bu kabi qulayliklar muzeyga tashrif buyuruvchilar sonini ortishiga xizmat qilmoqda.
Aholi, ayniqsa, yoshlarning muzeyga qiziqishi va tashrifini oshirish maqsadida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar akademiyasi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat bo‘limlari bilan hamkorlikda ko‘plab tasviriy va xalq amaliy san’ati asarlari ko‘rgazmalari o‘tkaziladi.
Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘quvchi-yoshlarning muzeyga muntazam kelib turishini ta’minlash bo‘yicha ham muayyan ishlar olib boriladi. Xususan, yuqori sinflarda adabiyot, tasviriy san’at hamda tarix fanlari darslari bir yilda bir marta bevosita muzeyning tegishli bo‘limlarida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bir necha yildirki, muzey ma’muriyati hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Samarqand arxeologiya instituti olimlari hamkorligida qo‘shma ilmiy ekspeditsiya ish olib bormoqda. Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Qo‘shtepa” arxeologik yodgorligidagi qazish hamda ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida yurtimizning qadim o‘tmishiga oid 5 mingga yaqin sopol buyum topildi. Ular muzey fondiga topshirilib, “Ko‘hna zamin durdonalari” ko‘rgazmasi doirasida keng jamoatchilikka namoyish etildi. Ushbu buyumlar yaqin kunlar ichida O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyida tashkil etiladigan ko‘rgazmaga olib borilishi ko‘zda tutilgan.
– Muzeyimizda turli davrlarga oid 2 mingga yaqin qo‘lyozma saqlanmoqda, – deydi Qo‘lyozma va toshbosma kitoblarni saqlash sektori mudiri G‘anijon Qosimov. – Mutaxassislar ularning ilmiy-tarixiy ahamiyatini o‘rganmoqda. Muzey eksponatlarining elektron katalogini yaratish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Muzey jamoasi tomonidan o‘tgan yili xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh oblastidagi “Sulaymon-too” milliy-tarixiy arxeologik muzey kompleksi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Hamkorlik doirasida Andijonda “Sulaymon-too – xalqaro meros ob’ekti” nomli ko‘chma ko‘rgazma tashkil etildi. Shuningdek, O‘sh shahrida “Farg‘ona vodiysidagi umumiy qadriyatlarni saqlagan muzeylar hamkorligi” mavzusida seminar o‘tkazildi. Bu ikki qo‘shni xalqlar o‘rtasidagi madaniy-tarixiy hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga, sayyohlar oqimining ko‘payishiga yordam bermoqda.
Xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish maqsadida Vengriya Respublikasi Xalq muzeyi, Qozog‘iston Respublikasi Milliy muzeyi hamda Xitoy Respublikasining Siang shimoli-g‘arbiy universiteti vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar doirasidagi muloqotlarda kelgusida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflar bildirildi.
Navro‘z bayrami arafasida O‘sh shahrida “Andijonning turizm salohiyati” mavzusida, aprel-may oylarida Rus milliy-madaniy markazi, Rossiya Federatsiyasining Orenburg tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi bilan hamkorlikda Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining “Andijon qal’asi” yodgorlik majmuasida Orenburg tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyining ko‘chma ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, Andijonning qadim tarixidan so‘zlovchi ushbu muzeyda saqlanayotgan noyob eksponatlar, osori-atiqalar bilan tanishish yurtdoshlarimiz qalbida tariximiz, ulug‘ ajdodlarimiz, ona Vatanimizga bo‘lgan hurmat va ehtiromni yanada oshiradi.