Muzeylar faoliyati takomillashmoqda
Nukusda “Muzeylar boshqaruvida o‘quv dasturlarini amalga oshirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Nukusda “Muzeylar boshqaruvida o‘quv dasturlarini amalga oshirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan muzeylar fondini boyitish, ularni saqlash, restavratsiya qilish, ko‘rgazmalar tashkil etish, chekka hududlardagi shaxsiy muzeylar faoliyatini yaxshilash masalalari xususida so‘z yuritilgan tadbirda xalqimizning necha ming yillik tarixiga oid osori-atiqalarni saqlash, ularni kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazishda muzeylar faoliyati muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz rahnamoligida muzeylar faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Soha rivoji yo‘lida qabul qilingan o‘ttizga yaqin normativ huquqiy hujjatlar bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Ayni paytda mamlakatimizda xalqimizning milliy madaniyati, tarixi, san’ati, qadimiy an’ana va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan besh yuzga yaqin muzeylar faoliyat yuritmoqda. Ulardan uch davlat va o‘ndan ortiq jamoatchilik muzeyi Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan. Qoraqalpoq madaniyati va tarixini asrab-avaylash yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan bu maskanlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlari malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Seminarda muzeylar boshqaruvi jarayonini takomillashtirishga oid yangiliklar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldik, – deydi Ellikqal’a arxeologiya va tarix muzeyi direktori O‘rozali Jumayev. – Mazkur tadbir muzeylarning milliy madaniyatimizni yuksaltirish, urf-odat va qadriyatlarimizni qayta tiklashdagi mavqeini oshirishga xizmat qiladi. Anjuman davomida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan hamkasblarimiz bilan tajriba almashdik.
Ishtirokchilar I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.