Muzeyda “O‘zbek to‘y marosimi”
O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida “Muzeyda tuy” tadbiri hamda uning doirasida “O‘zbek to‘y marosimi” bo‘lib o‘tdi.
Yoshi ulug‘ onaxonlar-u otaxonlarimizning “To‘ylarga yetkazsin”, deya duo qilishlarida hikmat ko‘p. O‘zbek to‘ylari azaldan rang-barangligi, go‘zal va betakror udumlari bilan qiziq. To‘yga yor-u do‘stlar taklif etilib, elga katta osh beriladi. O‘yin-kulgu, shodu xurramlik qilinadi. Turli viloyatlarning to‘y marosimlariga oid bir-biridan qiziq urf-odatlari ham borki, ular o‘zbek to‘ylarining fayziga yanada fayz qo‘shadi.
Muzey hovlisida milliy kuy-qo‘shiqlarimiz yangradi. Markaziy zalda esa “kelin tayyorlash” jarayoni namoyish etildi. So‘ng kuyov navkarlar bilan kelib, kelinni yor-yor sadolari ostida to‘y sahnasiga olib chiqdi. Sahnada Toshkent-Farg‘ona hududlarining to‘y marosimi hamda “Buvijonlar” folklor etnografik xalq jamoasi chiqishlari tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi.
[gallery-11609]
– Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 maydagi "Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq muzeylarda muntazam ravishda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun qo‘shimcha xizmatlar turini joriy etish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert tomoshalari kabi tadbirlarni o‘tkazish vazifasi belgilangan, – dedi O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi direktori Ismat Yusupov. – Mazkur qaror ijrosini o‘z vaqtida va samarali tashkil etish, ulkan moddiy va nomoddiy madaniy merosimizni, milliy urf-odatlarimizni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish, o‘ziga xos milliy an’analarimizni nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy sayyohlarga ham namoyish etish maqsadida ushbu milliy ko‘rgazmali tadbirimizni tashkil etdik.
Tadbir so‘ngida muzey bo‘ylab o‘tkazilgan “Tungi ekskursiya” jarayonida ishtirokchilar O‘zbekistonning XIX-XX asrlarga oid turli hududlarning milliy liboslari ko‘rgazmasidan bahramand bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, Davron Ernazarov (surat), O‘zA