Muvofiqlik auditini sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirish joriy etiladi
Davlatimiz rahbari 2026-yil 6-iyulda “Davlat auditi faoliyatida sun’iy intellekt va raqamlashtirishni yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, 2027 yildan Hisob palatasining davlat tashqi auditi faoliyatida yangi qoidalar joriy etiladi.
Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida joriy etilayotgan sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini baholash bo‘yicha sun’iy intellekt tizimlarini qo‘llash auditi yo‘lga qo‘yiladi.
Hisob palatasining so‘roviga ko‘ra taqdim etilgan ma’lumot (hujjat)lar, raqamli texnologiyalar, elektron hujjat almashinuvi hamda axborot tizimlariga masofaviy tashqi audit o‘tkaziladi.
Xavf (risk) tahlillariga tayangan holda davlat organlari va tashkilotlarida moliyaviy, muvofiqlik hamda samaradorlik auditi yo‘nalishlarida axborot texnologiyalari auditi o‘tkaziladi.
Hisob palatasi davlat organlari va tashkilotlarida moliyaviy, muvofiqlik hamda samaradorlik auditi yo‘nalishlarida axborot texnologiyalari auditini o‘tkazishga mas’ul vakolatli organ etib belgilandi.
2028 yil 1 sentabrdan muvofiqlik auditini sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llagan holda amalga oshirish joriy etiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA