Musulmonlar idorasi vakilligining yangi binosi foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Xorazm viloyatiga safari doirasida Urganch shahrida viloyat vakilligining yangi binosi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida bino hududiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, vakillik hovlisida barpo etilayotgan bog‘ning obod va ko‘rkam maskanga aylanishi niyatida duolar qilindi.
Ochilish marosimi Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Tadbirni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Abdullayev olib bordi.
Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlarni yangi bino ochilishi bilan tabriklab, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy soha rivojiga qaratilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida ta’kidladi. Xususan, ibodat uchun zarur sharoitlarning yaratilayotgani, hududlardagi vakilliklarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani, Qur’on kurslari faoliyati kengayib borayotgani hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi xayrli ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, Xorazm viloyatida o‘tkazilayotgan ikkinchi sayyor seminarning ahamiyatiga e’tibor qaratib, avvallari hududiy vakilliklarning o‘z binosi bo‘lmagani, bugun esa zamonaviy va muhtasham binolar barpo etilayotganini qayd etdi. Bunday imkoniyatlar, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik uchun shukronalik bildirish hamda doimo duoda bo‘lish lozimligini ta’kidladi.
Tadbirda so‘z olgan Xorazm viloyati «Nuroniy» jamg‘armasi raisi Rustam Sultonov ham vakillik jamoasini yangi bino bilan qutlab, yaratilgan sharoitlar diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi.


Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan yangi binoda viloyatdagi imom-xatiblar va noiblar faoliyatini samarali tashkil etish, o‘quv-seminarlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kichik majlislar zali, axborot-media faoliyatini yo‘lga qo‘yish va tasvirga olish ishlarini amalga oshirish uchun maxsus xonalar tashkil etilgan.
Marosim davomida Xorazm viloyati vakilligiga yangi xizmat avtomashinasi topshirilishi ham ma’lum qilindi.
Safar yakunida Muftiy hazratlari va mehmonlar yangi binoni ko‘zdan kechirib, xodimlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi hamda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga ijobiy baho berdi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA