Mustaqillikning 35 yilligi: xalq hokimiyatchiligi va mahalliy Kengashlarning yangi qiyofasi
Har bir xalqning o‘zligini anglashi, milliy g‘ururi va davlatchilik an’analarini tiklashi aynan mustaqillik g‘oyasi va ozodlik tuyg‘usi bilan uzviy bog‘liq. Yurtimizning mustaqillikka erishishi ham xalqimizning asriy orzu-umidlari ro‘yobga chiqqan, o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olgan tarixiy voqea sanaladi. Agar tarixga nazar tashlasak, o‘tgan 35 yil faqat yillar ketma-ketligi emas, balki suverenitetni mustahkamlash, milliy o‘zlikni tiklash, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda mashaqqatli hamda sharafli yo‘lni bosib o‘tish davri bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz.
Mustaqillik sabab xalqimiz o‘z qadriyatlarini, boy tarixi va muqaddas dini, tili va madaniyatini erkin ravishda e’zozlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ayniqsa, O‘zbekistonning oxirgi o‘n yillik tarixiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mamlakatimizda mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy muhit shakllanganini ko‘rishimiz mumkin. “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida boshlangan tub islohotlar jamiyat hayotining barcha jabhalariga yangi nafas olib kirdi. Bu davrda davlatning xalqqa bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgardi: “xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan prinsipial g‘oya ijtimoiy hayotning bosh mezoniga aylandi.
Ilgari fuqarolar o‘z muammolari, ariza va shikoyatlari bilan idorama-idora sarson bo‘lib yurgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib davlat organlarining o‘zi aholining ichiga kirib bormoqda. Xalq qabulxonalari, ochiq muloqotlar va mahallabay ishlash tizimi tufayli yillar davomida to‘planib qolgan og‘riqli muammolar o‘z yechimini topmoqda. Bu islohotlar natijasini har bir inson o‘z kundalik hayotida, oilasi va xonadoni misolida real his etmoqda.

Shu o‘rinda, yuqoridagi kabi ijobiy o‘zgarishlarni xalq vakillari sanalgan mahalliy Kengash deputatlari faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Bu borada, ayniqsa, 2023-yilda o‘tkazilgan Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida Yangi O‘zbekistonni barpo etishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Jumladan, yangilangan Konstitutsiyada mahalliy Kengashlarning maqomi alohida norma sifatida belgilab qo‘yildi. Endilikda Kengashlar mustaqil vakillik organi bo‘lib, unga deputatlar orasidan saylangan rais boshchilik qilishi va hokim bir vaqtning o‘zida Kengashga rais bo‘la olmasligi qat’iy belgilandi.
Bu norma mahalliy darajada hokimiyatlar bo‘linishini ta’minlab, Kengashlar orqali ijro hokimiyati ustidan nazoratni kuchaytirdi. Bu bilan Kengashlarga mahalliy byudjetni qabul qilish, hududlarni rivojlantirish dasturlarini tasdiqlash va hokim hisobotini eshitish vakolatlari berildi. Natijada, Kengashlar va hokimiyatlar mahalliy darajadagi boshqaruvning 2 qanoti, ya’ni vakillik va ijro organi sifatida faoliyat olib bormoqda. Soddaroq aytganda, ilgari hokim ham ijro qilardi, ham Kengashga rahbarlik qilardi. Hozirchi? Hokim – ijrochi. Kengash – nazoratchi.
Mahalliy Kengashlarning maqomi va vakolatlari oshishi shunchaki qog‘ozdagi islohot bo‘lib qolmadi, balki ularning faoliyatida va insonlar hayotini yaxshilashda aniq amaliy natijalarni bera boshladi. Agar raqamlarga va real misollarga nazar tashlasak, deputatlik nazorati va tashabbuskorligi aholi farovonligiga qay darajada bevosita ta’sir qilayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, mahalliy Kengashlar deputatlarining bevosita tashabbusi va faol sa’y-harakatlari natijasida birgina 2025-yilning o‘zida 20 mingga yaqin fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, 23 mingdan ziyod aholining bandligi ta’minlanib, 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, mahalliy byudjet va dasturlar nazorati orqali respublika bo‘yicha 5 ming kilometrdan ziyod yo‘llar ta’mirlandi, deputatlar qarori bilan 3,5 ming nafar talabaning to‘lov-kontrakt mablag‘lari to‘lab berildi hamda manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash doirasida 15 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxsga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Shu bilan birga, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar natijasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining nazorat funksiyasi mazmunan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bugun deputatlik nazorati faqat mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitish bilan cheklanib qolmay, ularning faoliyatiga huquqiy va siyosiy baho berish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda ijro hokimiyati organlari rahbarlarining shaxsiy hisobdorligini ta’minlashning ta’sirchan mexanizmiga aylanib bormoqda.
Misol uchun, 2026 yilning o‘tgan davrida Shofirkon va Ohangaron tuman Kengashlari tomonidan tibbiyot birlashmalari, Yashnobod tumanida oilaviy poliklinika mudiri va Xiva tumanida statistika bo‘limi boshlig‘i faoliyati aholi murojaatlari bilan ishlashda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sababli qoniqarsiz deb baholangan. Mazkur holatlar mahalliy Kengashlarda deputatlik nazorati tobora aniq amaliy natijaga yo‘naltirilayotganini, ayniqsa, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ijro organlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirishda muhim vositaga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, ilgari fuqarolar o‘z deputatini tanimay, murojaat qilish va qabuliga kirishda turli qiyinchiliklarga duch kelgan. Bugungi kunda “E-Kengash” elektron platformasi orqali o‘z vakilini oson topishi, unga onlayn murojaat yo‘llashi, qabuliga yozilishi va deputatlik so‘rovlari yuborilishidan tortib sessiyalarning jonli efirda uzatilib, qarorlarning ochiq muhokama etilishigacha bo‘lgan butun jarayonni shaffof kuzatib borishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, mustaqillikning sharafli yo‘lida erishilgan eng katta yutuq – inson qadri, uning huquq va manfaatlari davlat siyosatining markaziga olib chiqilganidir. So‘nggi yillarda manzilli ijtimoiy himoya, ta’lim va tibbiyot sohalaridagi tub burilishlar bilan bir qatorda, mahalliy Kengashlar vakolatlarining kengaytirilishi hamda “E-Kengash” kabi raqamli tizimlarning amaliyotga tatbiq etilishi xalq hokimiyatchiligini real voqelikka aylantirdi.
Bugun vakillik organlari va ijro hokimiyatining istiqbolli hamkorligi, deputatlik nazoratining kuchayishi aholi farovonligini oshirish va hududlarni kompleks rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, amalga oshirilayotgan bu kabi ochiq va shaffof islohotlar Yangi O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti hamda xalqimizning farovon kelajagiga mustahkam kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Farrux ABDUHAMIDOV,
Demokratik jarayonlarni
tahlil qilish markazi eksperti,
xalq deputatlari Arnasoy tumani
Kengashi deputati.
O‘zA