Mustaqillikning 35 yilligi: tog‘-kon va geologiya sohasi fidoyilari e’tirof etildi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda bayram tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan turli soha vakillarining mehnatini munosib e’tirof etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi. Unda bayram arafasida yuksak davlat mukofotlari, orden va medallar bilan taqdirlangan soha xodimlari, vazirlik va uning tizimosti korxonalari rahbarlari, shuningdek, sohadagi mehnati e’tirof etilgan faxriylar ishtirok etdi.

Tantanali tadbirni Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z so‘zida mustaqillik ulug‘ ne’mat ekani, uning ahamiyati beqiyosligini ta’kidlab, soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyilar mehnatini e’tirof etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, malakali kadrlarni tayyorlash hamda mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish tog‘-kon sanoati va geologiya sohasi oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, sohada samarali mehnat qilayotgan xodimlarning davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi ularning fidokorona mehnatiga berilgan yuksak baho bo‘ldi. Tadbirda yuksak mukofotlar nafaqat shaxsiy tashabbus va mehnatga, balki xodimlar faoliyat yuritayotgan mehnat jamoalariga berilgan e’tirof ekani qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralari bilan uyg‘un ekani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida vazirlik markaziy apparati xodimlarining bir guruhi hamda tizimosti korxonalar rahbarlariga O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA