Mustaqillik – o‘zligimizni anglash, kelajakka ishonch demak
Munosabat
Mamlakatimiz rahbarining inson qadri, ta’lim, yoshlar, ilm-fan va jamiyat taraqqiyotiga berilgan e’tibori ayniqsa muhim. Chunki mamlakatning ertangi qiyofasi, avvalo, bilimli, erkin fikrlaydigan, Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan avlod qo‘lida.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqini tinglash hamda sinchkovlik bilan tanishish asnosida, unda nafaqat o‘tgan yillar sarhisobi, balki ertangi kunimizga daxldor muhim fikrlar mujassam ekanini his qildim.
Ayniqsa, mustaqillikning mazmun-mohiyatini inson qadri va erkin hayot bilan bog‘lab talqin etilgani e’tiborimni tortdi. Zero, mustaqillik faqat davlatning siyosiy maqomi emas. U – insonning o‘z tili, tarixi, milliy qadriyatlari va kelajagiga egalik qilish tuyg‘usidir.

Nutqda xalqimizning ko‘p asrlik davlatchilik tarixi, ajdodlarimiz, jadidlarimizning ozodlik va taraqqiyot yo‘lidagi intilishlari alohida yodga olindi. Bu, menimcha, bugungi avlod zimmasidagi mas’uliyatni yana bir bor eslatadi: bizga meros qolgan mustaqillikni asrash bilan birga, uni mazmunan boyitib, yurtimizni yanada taraqqiy ettirishimiz kerak.
Mustaqillikning o‘ttiz besh yilligi – faqat bayram emas, balki bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlab, kelajak oldidagi vazifalarimizni anglash uchun ham muhim sana. Yurtboshimiz nutqida yangragan fikrlar har birimizni o‘z sohamizda yanada mas’uliyat bilan mehnat qilishga undashi bilan ahamiyatlidir. Zero, Yangi O‘zbekistonimiz taraqqiyoti katta-katta shiorlardan emas, har bir insonning halol mehnati, tashabbusi va o‘z kasbiga sadoqatidan boshlanadi.
Karimaxon Nasridinova,
Namangan davlat pedagogika instituti ijtimoiy fanlar fakulteti tyutori. O‘zA.