Mustaqilligimizning 35 yilligi: Yoshlar hayotida aks etgan 35 yutuq
O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk kunlardan boshlab yoshlar siyosati davlat ahamiyatiga molik eng ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Bugungi kunda mamlakat aholisining qariyb 26 foizini tashkil etuvchi yigit-qizlar nafaqat jamiyatning eng dinamik qatlami, balki yangi O‘zbekiston poydevorini qurayotgan asosiy yurituvchi kuchdir.
1. Yoshlarga oid davlat siyosati yangi qonun bilan mustahkamlandi:
2016-yil 14-sentabrda 33 moddadan iborat “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar “yoshlar” deb belgilanib, ularning sifatli ta’lim olishi, bandligi, tadbirkorligi, iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, yosh oilalar uchun munosib uy-joy va ijtimoiy sharoitlar yaratish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida mustahkamlandi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi:
2017-yil 30-iyunda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uning asosiy vazifalari etib belgilandi.
30-iyun – Yoshlar kuni etib belgilandi:
2017-yil 25-avgustda alohida qonun qabul qilinib, 30-iyun – O‘zbekiston Respublikasi Yoshlari kuni etib belgilandi. Shundan buyon ushbu sana mamlakat yoshlarining rasmiy bayrami sifatida nishonlanadi.
“Yosh kitobxon” tanlovi yo‘lga qo‘yildi:
2017-yildan yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirishga qaratilgan “Yosh kitobxon” respublika tanlovi o‘tkazila boshlandi. Tanlovda har yili qariyb 1 million nafar yosh ishtirok etadi. 10–14, 15–19 va 20–30 yosh toifalaridagi mutlaq g‘oliblar Prezident sovg‘asi – avtomobil, boshqa sovrindorlar esa yirik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
“Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etildi:
2017-yil 28-dekabrda “Kelajak bunyodkori” medali ta’sis etildi. Medal bilan mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan, o‘qish, mehnat va jamoat ishlarida alohida yutuqlarga erishgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar taqdirlanishi belgilandi.
“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti ta’sis etildi:
2017-yilda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti ta’sis etilib, har yili fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat va boshqa sohalarda alohida natija ko‘rsatgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yigitlar taqdirlanishi belgilandi. Mukofot sohiblariga BHMning 50 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi va ular tegishli yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalariga imtihonsiz davlat granti asosida qabul qilinadi.
“Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi ishga tushdi:
2018-yil 27-iyunda “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi qabul qilinib, yoshlarning biznes tashabbuslari va startaplarini imtiyozli kreditlar orqali moliyalashtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Dastur doirasida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tashkil etildi.
Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi:
2020-yil 30-iyunda Prezident farmoni va qarori bilan Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi. Agentlik yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi hamda sohada vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.
“Yoshlar daftari” orqali muammolarni manzilli hal qilish boshlandi:
Ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va psixologik ko‘makka, ish, ta’lim va kasb o‘rganishga muhtoj yoshlarni manzilli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yoshlar daftari” tizimi joriy etildi. U orqali yoshlarning muammolarini aniqlash, hal etish va natijasini nazorat qilishning yagona tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Ilk bor O‘zbekiston yoshlari forumi o‘tkazildi:
2020-yil dekabrda mamlakat tarixida ilk bor O‘zbekiston yoshlari forumi o‘tkazildi. Forum barcha shahar va tumanlarni qamrab olib, yakuniy tadbirda 3 300 nafardan ziyod yosh bevosita, hududiy studiyalar orqali esa 26 ming nafar yosh ishtirok etdi. Yoshlar vazirlar, hokimlar va davlat idoralari rahbarlari bilan ochiq muloqot qildi.
Xalqaro imtihon xarajatlarini qoplash tizimi joriy etildi:
2021-yildan xalqaro imtihonlarda yuqori natija ko‘rsatgan yoshlarning imtihon topshirish xarajatlarini davlat tomonidan to‘liq qoplab berish yo‘lga qo‘yildi. Bugunga qadar qariyb 72 ming nafar yoshga jami 145 milliard so‘m kompensatsiya mablag‘lari ajratildi.
Har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi:
2022-yil 19-yanvarda Prezident qarori bilan har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Shu tariqa yoshlarning muammolarini bevosita mahallada o‘rganish va hal etishga qaratilgan yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” yo‘lga qo‘yildi:
2022-yilda yoshlarni sport, madaniyat va san’at, kitobxonlik, intellektual o‘yinlar va IT yo‘nalishlariga jalb qiluvchi besh bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” ilk bor o‘tkazildi. Birinchi mavsumning o‘zida 14 dan ortiq tanlov va musobaqalarda 6 milliondan ziyod yosh ishtirok etdi.
Yoshlarga IT kurslarida o‘qish va kompyuter xarid qilish uchun imkoniyat yaratildi:
2022-yildan IT Park rezidentlarining o‘quv kurslarida tahsil olayotgan yoshlarga kompyuter xarid qilish uchun BHMning 25 baravarigacha iste’mol krediti ajratish, kredit foizlarining bir qismini esa Yoshlar ishlari agentligi mablag‘lari hisobidan qoplash tizimi joriy etildi.
Yoshlar huquqlari Konstitutsiyada alohida mustahkamlandi:
2023-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk bor “Oila, bolalar va yoshlar” alohida bob sifatida belgilandi. 79-moddada yoshlarning ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, uy-joy, ishga joylashish, bandlik va dam olish huquqlarini amalga oshirish uchun davlat shart-sharoit yaratishi mustahkamlandi.
“Ibrat farzandlari” loyihasi yo‘lga qo‘yildi:
Yoshlarga xorijiy tillarni bepul o‘rganish imkonini beruvchi “Ibrat farzandlari” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Loyiha doirasida 30 ta xorijiy til bo‘yicha 2 729 ta videodars yaratildi. Bugun platforma foydalanuvchilari soni 3 million 200 dan oshgan.
“WikiMarafon” loyihasi ish boshladi:
2022-yilda internetda o‘zbek tilidagi sifatli ma’lumotlarni ko‘paytirish maqsadida “WikiMarafon” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Bugun o‘zbekcha Vikipediyada 355 mingdan ortiq maqola va 6,2 milliondan ziyod tahrir mavjud, unga har oy 5 milliondan ortiq foydalanuvchi tashrif buyuradi.
18. “Ustoz AI” platformasi ishga tushirildi:
Yoshlarga zamonaviy kasb va fanlarni bepul o‘rgatishga qaratilgan “Ustoz AI” platformasi ishga tushirildi. Unda IT, biznes, marketing va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda ta’lim olish imkoni yaratildi. Bugun platforma foydalanuvchilari soni 1 million 200 mingga yaqin.
“Mutolaa” loyihasi ishga tushirildi:
2023-yilda kitoblarni elektron va audio formatda bepul mutolaa qilish imkonini beruvchi “Mutolaa” loyihasi ishga tushirildi. Bugun platformada 4,8 milliondan ortiq foydalanuvchi, 2 147 ta audiokitob va 2 893 ta elektron kitob mavjud. Platformada o‘qilayotgan kitoblar soni esa 20 milliondan oshgan.
“Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi yo‘lga qo‘yildi:
2023-yilda jahonning eng sara ilmiy-ommabop va badiiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etishga qaratilgan “Yoshlar uchun 1000 kitob” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Bugunga qadar 140 ta ilmiy-ommabop kitob saralanib, 90 tasi nashrga tayyorlandi, 47 ta kitob 140 ming nusxada chop etilib, 208 ta axborot-resurs markazi hamda muassasalarga yetkazildi.
“Qizlar akademiyasi” ish boshladi:
Yosh xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish va kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushirildi. Bugun platforma 1 milliondan ortiq foydalanuvchini qamrab olgan.
“Yoshlar biznesi” dasturi yo‘lga qo‘yildi:
2025-yilda 350 ming nafar yoshni tadbirkorlikka jalb qilish va kamida 100 mingta yangi ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi “Yoshlar biznesi” dasturi yo‘lga qo‘yildi. Dastur doirasida yoshlarga 100 million so‘mgacha mikroqarz, kamida 20 ta ish o‘rni yaratadigan loyihalarga esa 5 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilandi.
23.“Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordam turlari 30 taga yetdi:
2023-yilda “Yoshlar daftari” orqali yoshlarga ko‘rsatiladigan yordam turlari 30 taga yetkazildi, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati esa 30 kundan 5 kungacha qisqartirildi. Yil davomida 338 ming nafar yoshga 444 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.
“2+6” dasturi yo‘lga qo‘yildi:
2025-yildan xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlar uchun “2+6” dasturi joriy etildi. Unga ko‘ra, yosh dastlabki 2 oylik o‘qish xarajatini o‘zi to‘laydi, keyingi 6 oylik to‘lovni davlat qoplab beradi. 2030-yilga qadar dastur orqali 100 ming nafar yoshning xorijiy til sertifikati olishi maqsad qilingan.
“Work and Travel” uchun davlat ssudasi joriy etildi:
2025-yildan “Work and Travel” xalqaro dasturlarida ishtirok etuvchi talabalarga xorijga borish-kelish xarajatlari uchun BHMning 40 baravari miqdorida ssuda ajratish yo‘lga qo‘yildi. 2026-yilda ushbu imkoniyat orqali 2 ming nafar yoshni qo‘llab-quvvatlash belgilangan.
“Top 100 Uni” loyihasi yo‘lga qo‘yildi:
2024-yildan yoshlarni dunyoning TOP-100 universitetlariga kirishga tayyorlash uchun “Top 100 Uni” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Loyiha orqali xorijiy universitetlarga hujjat tayyorlash, kuchli esse yozish va qabul jarayoni bo‘yicha nufuzli universitetlarda tahsil olgan yoshlardan bepul mentorlik olish imkoniyati yaratildi.
Yosh tadbirkorlarga 10 milliard so‘mgacha kredit berish belgilandi:
2026-yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi yo‘lga qo‘yilib, yosh tadbirkorlarga 7 yilgacha 15 foizli kredit ajratish belgilandi. Biznes boshlayotgan yoshlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirayotganlarga 2 milliard so‘mgacha, kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olgan tadbirkorlarga esa 10 milliard so‘mgacha kredit berish nazarda tutildi.
Yoshlar startaplariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritish imkoniyati yaratiladi:
2026-yildan yoshlarning innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritish mexanizmi belgilandi. Shu bilan birga, har yili eng yaxshi 100 ta yoshlar loyihasini brendga aylantirish uchun har biriga 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratish nazarda tutildi.
Yosh oilalar ipotekasining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi:
2026-yildan yosh oilalar uchun ipoteka krediti stavkasining 14 foizdan oshgan qismini byudjetdan qoplab berish mexanizmi belgilandi.
“Ko‘mak” loyihasi orqali chekka hududlarda 479 ta o‘quv markazi ochildi:
Xorijiy tillar bo‘yicha C1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega yoshlarning olis va chekka hududlarda o‘quv markazlari ochishini qo‘llab-quvvatlash uchun “Ko‘mak” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Loyiha doirasida 61,4 milliard so‘m foizsiz ssuda ajratilib, 479 ta o‘quv markazi tashkil etildi. Ayni paytda loyiha doirasida 18–30 yoshdagi yoshlarga o‘quv markazini tashkil etish yoki kengaytirish uchun 130 million so‘mgacha 3 yil muddatga foizsiz ssuda ajratish imkoniyati mavjud.
“Yashil tashabbuslar” jamg‘armasi tashkil etildi:
2025-yilda yoshlarning ekologik loyihalari, “yashil” innovatsiyalari va ilmiy izlanishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun “Yashil tashabbuslar” jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘armaning uch yo‘nalishdagi tanlovlarida 926 nafar yosh ishtirok etib, shundan 432 tasi ekologik-ijtimoiy loyihalar, 443 tasi “Yashil innovatsiyalar”, 51 tasi “Yashil tashabbuslar” stipendiyasi uchun ariza topshirdi.
“UzChess” mobil ilovasi ishga tushirildi:
Shaxmatni o‘zbek tilida bepul va mustaqil o‘rganish imkonini beruvchi “UzChess” mobil ilovasi ishga tushirildi. Bugun ilova foydalanuvchilari soni qariyb 930 ming nafarga yetdi, 55 mingdan ziyod foydalanuvchi o‘quv kurslarini yakunlab, sertifikat oldi.
Har payshanba – “Yoshlar kuni”:
Vazirlik va idoralar rahbarlari hamda hokimlarning yoshlar bilan bevosita muloqot qilishi va ularning muammolarini hal etishi uchun har payshanba “Yoshlar kuni” etib belgilandi.
Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi:
2026-yilda Agentlik huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma orqali eng ko‘p kitob o‘qigan 100 nafar o‘quvchi va talabaga BHMning 25 baravari miqdorida mukofot berish, iste’dodli yozuvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda kitoblarni tarjima va nashr etishni moliyalashtirish yo‘lga qo‘yildi.
35. “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi qabul qilindi:
2026-yil 20-aprelda mamlakatda yoshlarga oid birinchi yaxlit strategiya tasdiqlandi. Unga ko‘ra, har yili 600 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash, 2030-yilgacha 450 ming nafar yoshni xorijiy tillar bo‘yicha B2 darajasiga olib chiqish va 900 ming nafar yoshni volontyorlikka jalb etish belgilandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA