Musiqa bo‘lmaganida insoniyat jaholatga yuz tutardi yoxud bir san’atkor kechmishi
«Agar musiqa bo‘lmaganida edi, insoniyat jaholatga yuz tutgan bo‘lardi». Bundan qariyb ming yil avval Forobiy aytgan bu gap hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Dunyo yaralibdiki, musiqa san’ati hamon bashariyatni ezgulikka da’vat qilib kelyapti. Maqom san’atining bilimdoni Sayfullo Murtozov mana shu ezgulikka hissa qo‘shganlardan biri.
Ustoz san’atkor Sayfullo Murtozov mashhur hofizlarni yetishtirib chiqishda katta rol o‘ynadi. O‘zbek musiqa san’atning rivojlanishida tinimsiz izlanish olib bordi. Ayni damda uning ijrosidagi maqom va mumtoz musiqiy meros namunalaridan ko‘plab yoshlar foydalanib kelmoqda.

O‘zbek milliy musiqa san’ati uzoq tarixiy yo‘lni bosib o‘tgani sir emas. Bu yo‘lda Abu Nasr Forobiy, Abu Ali Ibn Sino, Muhammad al-Xorazmiy, Alisher Navoiy kabi tarixiy shaxslar musiqa ilmi bilan jiddiy shug‘ullanib, qator risolalar, kitoblar qoldirgan.
Sayfullo Murtozov ushbu tarixni kelajak avlodga yetkazishga, maqom san’atini nafaqat o‘zbek auditoriyasi orasida, balki jahon hamjamiyati oldida ham tanitishga intildi. O‘zbek musiqa ilmi bo‘yicha rus va o‘zbek tillarda qator ilmiy maqolalar chop etdi.
Bugun uning «Bozurgoniy», «Eshvoy», «Gulizorim», «Girya», «Fig‘on», «Tanovor», «Cho‘li Iroq», «Nasri uzzol», «Nasrulloyi», «Munojot» kabi ijro namunalari o‘zining mukammalligi bilan san’at ixlosmandlari uchun ma’naviy meros bo‘lib xizmat qilyapti.
SAN’AT DARG‘ASINING HAYOT YO‘LI...
O‘z hayotini o‘zbek milliy musiqa madaniyatini targ‘ib va tadqiq qilishga bag‘ishlagan san’atkor 1960 yil Qarshi tumanida dunyoga keladi. Uning musiqaga bo‘lgan iqtidori hali maktabga bormasidan yuzaga chiqadi. Bolaligida kichkinagina yog‘ochdan qo‘lbola soz yasaydi. Undan musiqiy ohanglar chiqarishga urinadi...
San’atkorning otasi yaxshi kunlarda Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov kabi ustoz hofizlarning mumtoz qo‘shiqlarini mahorat bilan kuylab turardi. Ehtimol oiladagi shu muhit sabab qahramonimiz musiqaga bo‘lakcha mehr bilan ulg‘aydi. 5-6 sinfda o‘qib yurgan kezlarida musiqa ustozlari Sayfulloning alohida iqtidorini fahmlab, unga san’atning sir-asrorini o‘rgata boshladi. Maktabda turli ko‘rik-tanlovlarning g‘olibiga aylanayotgan yosh Sayfullo, o‘rta maktabni tugatgach, yetuk maqomdon hofiz bo‘lishni maqsad qiladi.
Qarshi madaniyat texnikumini a’lo baholarga tamomlagan san’atkor, oliy ta’limdagi o‘qish davomida ham milliy kuylarning uzoq o‘tmishini tadqiq qilish, musiqaning ilmiy va hissiy jihatlarini chuqur o‘rganishga kirishadi.
O‘shanda Qarshi madaniyat texnikumining faxriy ustozlaridan bo‘lgan Normurod Rajabov Sayfulloning san’atiga yuqori baho beradi. Uning bir vaqtda ham jo‘shqin, ham hazin tuyg‘ularni aks ettirgan ovozini tinglagach: «Har bir san’at darg‘asining o‘z ijro yo‘li, ovozidagi sehri, mahorati bo‘ladi» deydi.
Sayfullo Murtozovning ovoz diapazoni kengligi, ohang imkoniyatlari yuqoriligi, unga musiqiy asarlarni erkin ijro etishida qo‘l kelardi.
Masalan, «Shashmaqom» sho‘balariga kiruvchi maqomlarni kamdan-kam hofizlar mukammal ijro etishga muyassar bo‘ladi. Sayfullo Murtozov esa ana shunday maqomlarni maromiga yetkazib kuyladi.
XONISHLARDA AKS ETGAN O‘TMISH
San’atkorning singlisi, tarixchi olim Saodat Murtozovaning aytishicha, Sayfullo Murtozovning ovozidagi nola va mahzunlikni boshqa san’atkorlardan topib bo‘lmasdi. Uning xonishlarini tinglayotganda beixtiyor insonning xayoliga xalqimizning uzoq o‘tmishi, buyuk kechmishi gavdalangandek bo‘ladi. Sayfullo Murtozov ana shunday maqomdonlardan edi. Umrini musiqa san’atiga bag‘ishlagan san’atkor, Qarshi davlat pedagogika institutining «Musiqa va ashula» ixtisosligi yo‘nalishini tamomlab, bir muddat Qarshi tumanidagi 26-sonli o‘rta maktabda o‘qituvchilik qildi. Keyinchalik Qarshi pedagogika bilim yurtida musiqa o‘qituvchisi, «Musiqa nazariyasi va metodikasi» kafedrasi mudiri sifatida faoliyat olib bordi.
Ustoz san’atkor Sayfullo Murtozov o‘z ustida tinimsiz ishladi. Xalqimizning yaxshi kunlarida beminnat xizmat qildi. Odamlar qaysi mumtoz musiqiy merosimizni tinglashni xohlasa, uni san’at darajasida mohirona ijro etishga urindi.
Bir umr o‘zbek xalqining milliy va ma’naviy merosini jamoatchilikka targ‘ib qilib kelgan Sayfullo Murtozov, o‘z iqtidorini odamlarning ma’naviy zavqi uchun sarfladi desak, xato bo‘lmaydi.
PEDAGOGLIK FAOLIYAT
San’atkor bo‘lish bilan birga, mohir pedagog ham bo‘lgan Sayfullo Murtozov uzoq yillar Qarshi davlat universitetining «Musiqa» yo‘nalishi talabalariga maqom kuylaridan saboq berdi.
Talabalar undan maqom sho‘balarining qaysi birini ijro etib berishini so‘ramasin, qo‘lida tor bilan jonli ijro orqali maqom sirlarini o‘rgatdi.
Sayfullo Murtozovning ma’naviy merosini, aytim va chertim yo‘llarini bugungi kunda izdoshlari, shogirdlari o‘rganib kelmoqda. Bu esa o‘z san’atni mukammallikka olib chiqqan insonning umrboqiyligidan dalolatdir.
Maftuna KARIMOVA, O‘zA