Murojaatnoma – yangi marralar, farovon mahalla va korrupsiyasiz jamiyatga chaqiriq
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot yo‘li – bu shunchaki raqamlar o‘sishi emas, avvalo odamlarning hayot sifatini yaxshilash, tinchlik va farovonlikni mustahkamlash, ishonch va adolatni jamiyatning bosh mezoniga aylantirish ekanligini barchamiz amalda ko‘rib turibmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida aynan mana shu g‘oya kuchli, aniq va maqsadli vazifalar bilan teran ifoda etildi. Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi deputati, professor Saodat Bozorova muxbirimizga murojaatnomada ilgari surilgan tashabbuslar haqida quyidagilarni gapirib berdi:

– Murojaatnomada nafaqat bugungi kun natijalari sarhisob qilindi, balki ertangi kun uchun ham katta rejalar ilgari surildi. Ular orasida mahalla tizimi, innovatsion taraqqiyot, ichki bozorni rivojlantirish, kasblarni takomillashtirish, ekologiya va adolatli sud-huquq tizimi kabi 6 ta ustuvor yo‘nalishdagi qator tashabbuslar bor.
Ayniqsa, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi barchamizning dilimizdagi gap bo‘ldi. Bu islohotlarning markazida inson, uning yashash muhiti, mahalladagi ijtimoiy kayfiyat va hamjihatlik turishini anglatadi.
Murojaatnomadagi eng qat’iy siyosiy-axloqiy chaqiriqlardan biri – korrupsiyaga qarshi kurash masalasida yangradi. 2026 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “favqulodda holat” e’lon qilinishi, “Qonun oldida hamma teng” tamoyili keskin va aniq qo‘yilgani jamiyatimizda halollikni yangi mezonga aylantirishga qaratilgan kuchli irodadir. Barcha idoralarda komplayens va ichki nazorat kuchaytirilishi, bu jarayonni chetlab o‘tishga uringanlar javobgarligi qat’iy bo‘lishi davlat boshqaruvida shaffoflik va javobgarlikni mustahkamlash uchun muhim qadamlar sanaladi.
Ma’lumki, Navoiy viloyati uchun sanoat va kon-metallurgiya yo‘nalishlari alohida ahamiyat kasb etadi. Murojaatnomada ma’danni qayta ishlashni kengaytirish, yirik loyihalarni ishga tushirish, xususan, Navoiydagi oltin konlarida ma’dan qazib olish va qayta ishlash quvvatlarini oshirish kabi vazifalar tilga olindi. 2030 yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmini 175 tonnaga yetkazish maqsadi ham yangi sanoat dasturining yirik ko‘rsatkichlaridan biri sifatida qayd etildi. Bu rejalar bir tomondan, iqtisodiy qudratni mustahkamlasa, ikkinchi tomondan, Navoiy kabi sanoat hududlarida yangi ish o‘rinlari, infratuzilma va mahallalarning yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi.
Murojaatnomada ilm-fan va texnologiyalarga berilgan e’tibor ham kelajakni yaqqol tasvirlab berdi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor sun’iy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish tashabbusi yoshlarimizga kuchli motivatsiya, ta’lim va innovatsiyalarga esa ulkan ishonch berdi. Bu nafaqat ramziy voqea, balki muhandislik, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, aniq fanlar va ilmiy maktablarimizni yangi bosqichga olib chiqadigan strategik yo‘nalish, desak xato bo‘lmaydi.
Bugun Murojaatnoma bizdan bitta narsani talab qiladi: har bir mas’ul rahbar zimmasidagi mas’uliyatni ikki karra oshirishi lozim. Deputat sifatida quyidagi fikrni qat’iy aytmoqchiman: yuksalishning kaliti – halollik, bilim va fidoyilikda. Mahalla – jamiyatning yuragi, korrupsiyasiz tizim – davlatning suyanchi, ilm-fan va innovatsiya – kelajakning qanoti. Shu uch tayanchni mustahkamlashda har birimizning hissamiz bo‘lishi zarur.
Xulosa qilib aytganda, Murojaatnomada belgilangan maqsadlar yurtimizning ulkan imkoniyatlari va xalqimizning salohiyatiga tayanadi. Biz bu yo‘lda birlashsak, mahallani kuchaytirsak, halollikni hayot mezoniga aylantirsak va bilim hamda texnologiyaga suyansak – 2026 yil va undan keyingi yillar Yangi O‘zbekiston uchun yanada yuksak marralar yili bo‘ladi. Islohotlar natijasi har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotida yanada yaqqol ko‘rinadigan davrga kirib boryapmiz. Bu imkoniyatni birgalikda yuksak natijaga aylantirishimiz kerak.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi.