Murojaatning qabul qilinishi emas, qachon va qanday hal bo‘lishi – muhim
Bugun fuqaro davlat idorasi eshigini qoqib, muammosini bayon qiladi. Ammo uning uchun eng muhimi — murojaati qabul qilingani emas, masalasi qachon va qanday hal bo‘lishi. Davlat kadastrlari palatasida o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda aynan shu tamoyilga urg‘u berilmoqda.
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida Davlat kadastrlari palatasi mutasaddilari tomonidan fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazildi. Unda Davlat kadastrlari palatasining markaziy apparati hamda Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari ishtirok etdi.
Sayyor qabul ishtirokchilarining ta’kidlashicha, murojaatlarning aksariyati bo‘yicha ijobiy yechim berildi, muammoni hal etish uchun aniq choralar, mas’ullar va keyingi harakatlar tartibi belgilandi.

– Bunday format nafaqat murojaatlarni qabul qilish, balki odamlarni bevosita eshitish va ular amaliyotda duch kelayotgan muammolarni ko‘rish imkonini beradi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi raisi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Behzodjon Karimov. – Fuqaro uning murojaati eshitilganini, unga aniq tushuntirish berilganini va hal etishni talab qiladigan masala nazoratga olinganini bilishi biz uchun muhim.
Fuqarolar kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yer masalalari, kadastr xizmatlaridan foydalanish va mutaxassislar ishtirokini talab qiladigan boshqa masalalar bo‘yicha murojaat qildi.
Kadastr sohasidagi bu kabi ochiq muloqotlar fuqarolar muammosini joyida o‘rganish, tizimdagi amaliy masalalarni aniqlash va davlat xizmatlarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA