Murg‘ak ko‘ngillarga mehr ulashib...
Muborak Qurbon hayiti arafasida “ERIELL Group”, “Enter Engineering” va “Humo Arena” ma’muriyati “APLA” jamoat birlashmasi tarbiyalanuvchilari uchun xayriya tadbiri o‘tkazdi.
Unda ushbu kompaniyalar 386 nafar imkoniyati cheklangan bolalar va ularning oila a’zolarini bayram bilan tabrikladi.
Ta’kidlash kerakki, Qurbon hayiti O‘zbekistonda eng qadimiy va ardoqli bayramlardan biri bo‘lib, uning asosiy maqsadi ma’naviy-axloqiy poklanishdir. Bayramlarni oila va do‘stlar bilan o‘tkazish, birga ovqat pishirish, sovg‘alar berish va muhtojlarga yordam ko‘rsatish odat tusiga kirgan. Ayniqsa, muhtojlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish faqatgina muqaddas bayramning bir qismi emas, balki o‘zbek xalqining azaliy qadriyatidir.
“ERIELL Group” va “Enter Engineering” kompaniyalari ko‘p yillar davomida xayriya faoliyatini amalga oshirib keladi va mamlakat bo‘ylab imkoniyati cheklangan insonlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratadi.
“Humo Arena” muz majmuasida o‘tkazilgan ushbu xayriya tadbiri doirasida mehmonlarga qiziqarli sayohat uyushtirilib, imkoniyati cheklangan insonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar namoyish etildi.
Ekskursiya davomida ishtirokchilar o‘zlarini haqiqiy xokkeychilardek his qildilar, arena muziga chiqib, darvozaga shayba kiritdilar va figurali uchish ustalari tomonidan bayram munosabati bilan maxsus tayyorlangan ajoyib chiqishdan bahramand bo‘ldi.
Tadbir bayramona dasturxon va professional oshpaz tomonidan tayyorlangan palov bilan davom etdi – barchasi “Humo Arena” ma’muriyati tomonidan sharqona mehmondo‘stlik va mehmonlarga e’tibor bilan tayyorlandi.
– Jamoat birlashmamiz nomidan barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman. bugungi kun barchamiz uchun haqiqiy bayramga aylandi. Bunday damlarda biz yolg‘iz emasligimiz va doim sizga tayanishimiz mumkinligiga ishonamiz, – dedi “APLA” ijrochi direktori Olesya Usmonova.
Tadbir sovg‘alar va tabriklar bilan yakunlandi.
Tadbir yakunida bolajonlarga sovg‘alar ulashildi. Salomatliklari tufayli bayramga kela olmagan bolalarga ham kompaniya vakillari tomonidan sovg‘alar va shirinliklar yetkazib berildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA