Murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi
Buxoro viloyati Buxoro tumani tibbiyot birlashmasida ilk marotaba payra kasaliga chalingan 16 yoshli o‘smir yigitda murakkab rekonstruktiv jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. 4 soatga yaqin davom etgan murakkab jarrohlik amaliyotida viloyat ko‘p tarmoqli bolalar kasalxonasi bosh jarrohi, tibbiyot fanlari nomzodi O‘ktam Qodirov, mazkur tibbiyot muassasasi jarrohi Jamshid G‘oyipov, Buxoro tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Sunnat Safarov, mazkur muassasa bosh jarrohi Muslima Nuriddinovalar qatnashdi.
Shifokorlarning ta’kidlashicha, og‘ir jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan o‘smirning umumiy ahvoli qoniqarli. U tez kunda oyoqqa turib ketadi.
Payra yoki taloq burchagi sindromi – tug‘ma kasallik bo‘lib, bolalar orasida 3,8 foizni tashkil qiladi. Bu sindrom ko‘ndalang chambar ichakni taloq burchagida g‘ayritabiiy burchak hosil qiladi. Natijada shu qismi kengayib, pastga osilib tushishi bilan xarakterlanadi. Ichak harakati va funksiyasi buzilishi bilan bog‘liq og‘ir asoratlar keltirib chiqaradi. Darddan forig‘ bo‘lishning yo‘li esa jarrohlik amaliyoti bilan taloq burchagi hosil qilgan ichak bir qismini olib tashlashdir.Ta’kidlanishicha, bu toifadagi kasalliklar jarrohligi viloyatda sanoqli o‘tkaziladi.
Zarif Komilov, O‘zA