Munosib nomzodga ovoz berdim
Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi huzurida tashkil etilgan 34-saylov uchastkasida Janubiy Koreyadagi yurtdoshlarimiz faol ovoz berdi. O‘zA maxsus muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.
Yana Fesenko, "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi bortkuzatuvchisi:
– Saylovda ishtirok etarkanman, har bir saylovchining ovozi qanchalik muhimligini yana bir bor angladim. Mamlakatimizda biz, yoshlarning zamonaviy bilim olishimiz va kasb egallashimiz, o‘z iste’dod va salohiyatimizni keng namoyish etishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. Saylovda Birinchi Prezidentimiz boshlab bergan xayrli ishlarni davom ettiradigan munosib nomzodga ovoz berdim.
Adelya Tagirova, "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi bortkuzatuvchisi:
– Saylovda ishtirok etish barchaga katta mas’uliyat yuklaydi. Jamiyatimizda ro‘y berayotgan jarayonlarga daxldor ekanimizni teran anglaymiz. Zero, Vatanimiz kelajagi o‘z huquq va majburiyatlarimizni nechog‘li chuqur bilishimizga bog‘liqdir. Mamlakatimiz kelajagini belgilaydigan jarayonda ishtirok etib, ovoz berganimdan xursandman.
Lola Uzoqova, "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi bortkuzatuvchisi:
– Saylovdan avval har bir nomzodning tarjimai holi va dasturi bilan batafsil tanishdim. Vatanimizning porloq kelajagi va taraqqiyoti uchun eng munosib nomzodga ovoz berdim. Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik eng katta boyligimizdir. Bundan biz nihoyatda mamnunmiz. Prezident saylovi natijalari kelajagimiz yanada farovon bo‘lishiga xizmat qiladi.
Qilichbek Haydarov, Sejon universiteti talabasi:
– Osmonimizning musaffoligi, hayotimiz farovonligi va bizning bilim olib, kasb egallashimiz uchun yaratilgan keng imkoniyatlar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning uzoqni ko‘zlagan dono siyosati samarasidir. Men saylagan nomzod ham bu jarayonga munosib hissa qo‘shishi va yosh avlodni barkamol etib voyaga yetkazish yo‘lida xizmat qilishiga ishonaman.
Shahriddin Rustamov, Seul fan va texnologiyalar universiteti talabasi:
– Bugun men uchun hayajonli va ayni paytda juda mas’uliyatli kun bo‘ldi. Zero, fuqarolik burchimni bajarish mamlakatimiz farovonligi va taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchun yana bir imkoniyatdir. Biz saylovni o‘tkazish tartibi, Konstitutsiyamiz va saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar bilan tanishdik. Munosib nomzodga bergan ovozim oldimga qo‘ygan maqsadlarim, orzu va intilishlarimni amalga oshirish sari yana bir muhim qadam bo‘ldi.