Munosib nomzod mahalla raisi bo‘ladi
Ma’lumki, joriy yilning may-iyul oylarida yurtimizda fuqarolar yig‘inlari raisi saylovlari o‘tkazilmoqda. Farg‘ona viloyatida ham ushbu muhim tadbir aholining faolligi va shaffoflik bilan tashkil etilmoqda.
Saylovlarni adolat, xolislik tamoyillari asosida o‘tkazish maqsadida viloyatdagi 1062 ta mahallada jiddiy tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Farg‘ona viloyati boshqarmasida viloyat shtabi, shuningdek, 19 ta tuman va shaharda saylovlarga ko‘maklashuvchi komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mahalliy Kengashlar qarorlari asosida tashkil etilgan tuman va shahar komissiyalari saylovlarni yuqori saviyada o‘tkazishga xizmat qilmoqda. Saylovlarda ishtirok etadigan vakillar soni har bir mahallada ishchi guruhlar tomonidan belgilandi. Umuman, saylovlarda Farg‘ona viloyati bo‘yicha 330 ming nafardan ziyod vakil qatnashishi kutilmoqda.

Dang‘ara tumanida esa joriy saylovda 46 ta mahallada rais saylanadi. “Katta Aravon” mahalla fuqarolar yig‘inida ham ushbu jarayon tartibga muvofiq, uyushqoqlik bilan o‘tdi. Dastlab saylov jarayonini yurituvchi rayosat, kotib va sanoq komissiyasi saylandi. Raislikka nomzodlar o‘z dasturlarini taqdim etib, fuqarolar tomonidan yopiq ovoz berish orqali eng munosib nomzod tanlandi.
Ayni vaqtda Farg‘ona viloyatining barcha tuman va shaharlarida saylovlar belgilangan tartibda davom etmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA