Mulk huquqi — oila xotirjamligi kafolati
Uy-joy bor, unda oila yillar davomida yashaydi, farzandlar ulg‘ayadi. Ammo birgina hujjatning yetishmasligi xonadon bilan bog‘liq huquqiy masalalarni murakkablashtirishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasining «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi Qonuni ana shunday muammolarni qonuniy hal etish imkonini bermoqda.
Sirdaryo viloyatida yer uchastkalari va ko‘chmas mulk ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazish, ularga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish ishlari davom etmoqda. 2026-yil 8-oktabr holatiga ko‘ra, viloyatda 69 208 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazilib, ularning 22 378 tasi «E’tirof» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan. 8 188 ta ob’ekt bo‘yicha esa mulk huquqi e’tirof etilgan.
— Bu raqamlar zamirida o‘z uyining huquqiy maqomi aniq belgilab berilishini kutayotgan minglab fuqarolarning manfaatlari mujassam. Mulk huquqining qonuniy e’tirof etilishi oilalarga mavjud muammolarni hal qilish, kelajak rejalarini ishonch bilan belgilash va ko‘chmas mulkka oid huquqiy noaniqliklarni bartaraf etish imkonini beradi, — deydi Davlat kadastrlari palatasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi bino-inshoot sho‘basi boshlig‘i Sherzod Alimov.
Biroq huquqni e’tirof etish jarayonning yakuni emas. Huquqi e’tirof etilgan 8 188 ta ob’ektdan 1 300 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, 6 888 tasi bo‘yicha esa bu jarayon hali yakunlanmagan. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat reyestrida qayd etish va uning huquqiy maqomini rasmiylashtirishda muhim ahamiyatga ega. Bu ayniqsa, kelgusida mulkni sotish, hadya qilish yoki meros qilib qoldirish kabi jarayonlarda huquqiy aniqlikni ta’minlaydi. Shu bois huquqi e’tirof etilgan fuqarolar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq rasmiylashtirish ishlarini ham o‘z vaqtida yakunlashlari zarur.
— Sirdaryoda olib borilayotgan ishlardan ko‘zlangan maqsad shunchaki ob’ektlarni xatlovdan o‘tkazish emas, balki fuqarolarning mulkiy huquqlarini qonuniy ta’minlash, huquqiy noaniqliklarga barham berish va oilalar xotirjamligini mustahkamlashdir, — dedi Sherzod Alimov.
Zero, uy — inson uchun shunchaki bino emas. U oila qo‘nim topgan maskan, farzandlar kamol topadigan muhit va yillar davomidagi mehnat samarasidir. Unga bo‘lgan huquqning qonuniy rasmiylashtirilishi esa har bir oilaning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri