Mukofotlar o‘z egalariga topshirildi
Navoiy viloyati hokimligida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga ko‘ra taqdirlangan bir guruh o‘qituvchilarga davlatimizning yuksak unvon, orden va medallarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatdagi tashabbuskor va fidoyi, faol, ta’lim tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan soha xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab viloyat hokimi Normat Tursunov mamlakatimizda ta’lim tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, o‘qituvchi va murabbiylar mehnati alohida e’tirof etilayotganligi va bir qator imkoniyatlar yaratib berilayotganligini alohida ta’kidladi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida ham xalq ta’limi sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatdagi umumta’lim maktablarning qiyofasi tubdan o‘zgarib, zamonaviy binolar qad rostlamoqda.
[gallery-19555]
Jumladan, 2023-2024 o‘quv yilida viloyatda 32 ta umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida 7858 ta o‘quvchi o‘rni yaratilgan bo‘lsa, 1776 ta mavjud o‘quv o‘rini mukammal ta’mirlandi.
Maktab o‘quvchilarini sportga jalb qilish maqsadida mahalliy byudjetning 2 milliard so‘m mablag‘lari hisobidan 12092 dona birlamchi sport jihozlari va anjomlari, o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan 11 ta maktabga esa 558 million so‘mlik 20 nomdagi 200 dan ortiq jihozlar olib berildi.
Shuningdek, 72 ta maktabning chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinf xonalari 2 milliard so‘mlik birlamchi harbiy-ta’lim vositalari bilan to‘liq jihozlandi.
Yurtimizda fidokorona mehnat har doim qadrlangan. Joriy yilda ham Prezidentining farmoniga ko‘ra, bir guruh o‘qituvchi va murabbiylar Vatanimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi. Ularning 6 nafari navoiylikdir.
Tadbirda davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, bir guruh fidoyi, o‘z sohasining yetuk bilimdonlari, tashabbuskor va faol o‘qituvchi hamda murabbiylarga viloyat hokimining faxriy yorlig‘i, tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari