Muhimi ko‘zlangan maqsadlarga erishish
Gyunter KNABE Germaniyaning «Deutsche Welle» teleradiokompaniyasi jurnalisti
Gyunter KNABE Germaniyaning «Deutsche Welle» teleradiokompaniyasi jurnalisti:– Men O‘zbekistonga bir necha marotaba kelganman va qisqa vaqt bu yerda bo‘lsam ham har doim yaxshi taassurotlarga ega bo‘lib qaytganman. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilayotgan reformalar, mamlakatni rivojlantirish uchun yangiliklar bu o‘zbek xalqi va O‘zbekiston fuqarolarining o‘ziga ishtiyoq va ishonch uyg‘otyapti. Endi bu yurtda yashovchilar: «asosiy yuksalishlar endi boshlanmoqda, mana endi oldinga yuramiz», deb ishonch bildirmoqda. Xalq uchun ham bu o‘zgarishlar juda katta burilish bo‘ldi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi aloqalar juda ham muhim masala. Afg‘oniston bo‘yicha bo‘layotgan bu konferensiya aynan Toshkentda o‘tkazilayotgani ham juda ahamiyatli. Hozirda 5+1formatida o‘tkazilayotgan bu anjuman beshta O‘rta Osiyo mamlakat rivojiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun aynan shu mamlakatlarning o‘zi bir joyda o‘tirib bu muammoni birgalikda hal qilishga harakat qilishi juda asosiy qadam hisoblanadi. Boshqa xorij mamlakatlari bu haqda ko‘p bor so‘z yuritgan. Yana bir muhim narsa shuki, bu konferensiya ochiq bo‘ladi. Muammolarni bartaraf etish yo‘llari ko‘riladi. Shu sabab keyinchalik ham shunga oid anjumanlar davom ettirilsa, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarishi ehtimoli yuqori. Qo‘shnichilik munosabatlarida har bir voqea-hodisa o‘z ta’sir kuchi va doirasiga ega. Ikkala mamlakat suhbati nimaga olib kelishiga baho berolmayman. Lekin bundan juda yaxshi natijalarga erishish mumkinligiga ishonaman.