Muhammadali Iskandariy: Eron O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim hamkor deb biladi
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!
Diyorimiz Istiqlolning 35 yillik qutlug‘ marrasini salmoqli yutuqlar bilan qarshi oldi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz xalqaro maydonda o‘z milliy manfaatlarini qat’iy ilgari suradigan, o‘zining noyob diplomatik maktabi va yuksak siyosiy madaniyatiga ega mustaqil davlat sifatida bo‘y ko‘rsatdi.
Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda Vatanimiz tashqi siyosatida tub burilish va sifat o‘zgarishlari yuz berdi. O‘lkamiz suverenitet, ichki ishlarga aralashmaslik va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish kabi ezgu tamoyillarga sodiq qolgan holda, yanada ochiq, faol va pragmatik tashqi siyosiy kursni namoyish etmoqda.
Mintaqada va xalqaro maydonda qulay hamda xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan bunday izchil yondashuv dunyo hamjamiyatining yuksak ishonchini qozondi. Mustaqillik bayrami munosabati bilan yurtimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy mamlakatlar elchilarining qutlovlarida ham Yangi O‘zbekistonning aynan ushbu ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati alohida e’tirof etilgani buning yaqqol dalilidir.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz munosabati bilan Eron Islom Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy o‘z tabrigini izhor etdi.
– Bugungi kunda O‘zbekiston o‘zining iqtisodiy, tarixiy va sivilizatsion salohiyatiga tayangan holda, yaxshi qo‘shnichilik, muloqot va konstruktiv hamkorlik tamoyillari asosida Markaziy Osiyoda hamda mintaqaviy munosabatlarda muhim va nufuzli o‘rinni egallamoqda. Eron Islom Respublikasi O‘zbekistonning mintaqaviy tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi ijobiy rolini yuqori baholaydi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar do‘stona, ildizlari chuqur, o‘zaro hurmat hamda mushtarak tarixiy, madaniy va sivilizatsion aloqalarga asoslangan. Ikki xalqning umumiy merosi, mutafakkir va allomalarimizning g‘oya hamda asarlari bilan bog‘liqlik davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun boqiy sarmoyadir.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda Tehron va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar izchil o‘sish va rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi esa har tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Eron O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim hamkor deb biladi va iqtisodiy-savdo aloqalarini rivojlantirishni istiqboldagi munosabatlarning asosiy ustunlaridan biri sifatida ko‘radi.
Sanoat, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi, energetika, texnologiya, sog‘liqni saqlash, investitsiya, texnik-muhandislik xizmatlari, turizm va transport sohalarida ikki o‘lkaning bir-birini to‘ldiruvchi salohiyati xususiy sektorning faol ishtiroki va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng zamin yaratmoqda. Shuningdek, Eronning geografik joylashuvi va uning ochiq dengizlarga chiqish imkoniyati Markaziy Osiyoning iqtisodiy salohiyati bilan birgalikda tranzit koridorlarini rivojlantirish, savdo aylanmasini oshirish hamda mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash uchun qimmatli imkoniyatlarni taqdim eta oladi.
Ilmiy-akademik, madaniy va sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, millatlar, ziyolilar hamda xususiy sektor vakillari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish ham ko‘p asrlik rishtalarni va ikki xalqning bir-birini yanada yaqindan anglashini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eron Tehron va Toshkent o‘rtasidagi munosabatlarning chuqurlashuvi ikki respublikaning umumiy manfaatlarini ta’minlash bilan birga, iqtisodiy taraqqiyotga, mintaqaviy integratsiyani kengaytirishga hamda Markaziy Osiyo va unga tutash hududlarda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishiga ishonadi.
Ikki mamlakat rahbarlarining irodasi, xalqlarimizning qo‘llab-quvvatlashi hamda iqtisodiy va xususiy sektorlarning faol ishtiroki bilan Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar kelgusi yillarda yanada keng qamrovli, strategik darajaga ko‘tarilishiga ishonchim komil.
Fursatdan foydalanib, yurtingizning Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman, do‘st va birodar o‘zbek xalqiga barqaror tinchlik, osoyishtalik, taraqqiyot, farovonlik, ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy va do‘stona aloqalarga esa porloq kelajak tilayman.
O‘.ALIMOV, O‘zA