Muammolarga joyida yechim topildi
Aholi bilan ochiq muloqot qilish, ularni qiynayotgan masalalarni joyida o‘rganib, amaliy yechim topish davlat idoralari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Guliston shahridagi istirohat bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi sayyor qabul ham aynan shu maqsadga xizmat qildi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan qabulda viloyatdagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etib, fuqarolar murojaatlarini tingladi.
Sayyor qabul davomida gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi, sog‘liqni saqlash, qurilish, bandlik, kadastr, uy-joy va boshqa ijtimoiy sohalarga oid jami 214 ta murojaat qabul qilindi. Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqilib, joyida hal etish mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan tezkor choralar ko‘rildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar bo‘yicha esa aniq muddatlar belgilanib, mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Qabulda bildirilgan barcha murojaatlar viloyat hokimligining Ijro nazorati platformasiga kiritilib, ularning ijrosi doimiy nazoratga olindi. Bu murojaatlarning belgilangan muddatlarda ijobiy hal etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
[gallery-30252]
Sayyor qabul yakunida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov aholi murojaatlari mazmunida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, avvalgi qabullarda asosan maishiy muammolar va ayrim tashkilotlar faoliyatidan norozilikka oid murojaatlar ustun bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda jamoatchilik manfaatlariga daxldor masalalar ko‘proq ko‘tarilmoqda.
– Bu odamlarimizning fuqarolik mas’uliyati va dunyoqarashi yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Eng muhimi, har bir rahbar aholi bilan ishlashi, muammolarni ular murojaat qilmasidan oldin aniqlab, bartaraf etishi kerak. Davlat xizmati, avvalo, xalq xizmati demakdir, – dedi viloyat hokimi.
Qabul davomida bir qator murojaatlar shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Muddat talab etadigan masalalar bo‘yicha esa tegishli soha rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA