Muallim millatning eng aziz, eng mukarram kishisidir
Menimcha, har bir o‘quvchining bolalikdagi ideal insoni uning ustozi bo‘ladi. Kimdir matematika, yana kimdir esa adabiyot o‘qituvchisiga o‘xshashni orzu qiladi, unga taqlid qilib yashaydi. Axir bunday orzular bolalar qalbida bejizga tug‘ilmaydi. Bunga ustozlarning mehri, bilimi va fidoyiligi turtki bo‘ladi.
Qahramonimiz Mutriba Boltaboyevani ham oltiariqliklar ustozlarning avlodi, deb qadrlashadi. Sababi, otasi A’zamjon Oripov, onasi Zaynabxon Umarova Povulg‘on qishlog‘idagi nemis tiliga ixtisoslashtirilgan 38-umumta’lim maktabida o‘qituvchilik qilgan. Mutriba Boltaboyeva ham 31 yildan buyon ota-onasining kasbini davom ettirib, mazkur maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars berib kelyapti.
– Adabiyotni sevishimga bolaligimda bog‘chada xalq og‘zaki ijodi namunalarini tinglash, o‘smirlik yillarim Anvar Obidjonning bolalarga bag‘ishlangan asarlari turtki bo‘lgan, – deydi M.Boltaboyeva. Darvoqe, bugungi kun bolalariga ustozlik qilish o‘ta mashaqqatli ishga aylandi. Sababi, texnologiyalar asrida yashayotgan bolalarni nimagadir ishontirish, qoyil qoldirish juda qiyin. Bugungi o‘qituvchi fidoyi, mehribon, bilimli bo‘lish bilan birga innovatsion usullar bilan dars o‘tishi kerak. Axir ijtimoiy tarmoqlarda shuncha tayyor ma’lumotlar turganda o‘quvchini adabiyotga qiziqtirishning o‘zi bo‘ladimi?

– Bugungi kun yoshlarini adabiyotga qiziqtirishda eng samarali yo‘l –kitob mutolaasi, –deydi Mutriba Boltaboyeva. – Bu borada maktabimizda yaxshi an’ana yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni har oyda o‘quvchining yosh xususiyatini hisobga olib, badiiy asarlarni o‘qishni tavsiya qilamiz. Mana shu usul orqali o‘quvchilarning tafakkuri kengayayotgani juda manfaatli bo‘lmoqda.
Bolaga ona tilini o‘qitish orqali esa eng avvalo, davlat tiliga bo‘lgan hurmat, o‘z vataniga muhabbat va mentalitetga xos insoniy qadriyatlar singdiriladi.
Shuningdek, Mutriba Boltaboyeva milliy adabiyotimiz asoschilari –
jadid bobolarimiz ko‘rsatgan ilm-ma’rifat yo‘li naqadar to‘g‘ri yo‘l ekanligini yoshlar ongiga singdirishni muhim deb hisoblashini ta’kidlab o‘tdi. Yaqinda Respublika miqyosida o‘tkazilgan “Jadid bobomga maktub” insholar tanlovining tashkillashtirilishi manfaatli bo‘lgani haqida ham o‘z mulohazalarini bildirdi.
Fanga innovatsion g‘oyalarning kirib kelishi, o‘quv darsliklarining kreativ fikrlashga qaratilgani, rivojlangan davlatlar tajribasining qo‘llanilishi, albatta, katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Biroq, insonda eng avvalo, bu kasbga mehr uyg‘onmasa, bardoshli bo‘lmasa ishlash og‘ir. Avloniy aytganidek: "muallim millatning eng aziz, eng mukarram kishisidir".
Nigora Rahmonova, O‘zA