MRB direktori Rossiya va Ukraina muzokaralarida asosiy rolni o‘ynashi mumkin (+video)
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff Rossiya va Ukraina bilan olib borilayotgan muzokaralarda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rnini egallashi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, Financial Times xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Uitkoffning Rossiyaga qilgan sakkizta safari hozirgacha kutilgan natijani bermagan. U Rossiyaga sakkiz marta, Ukrainaga esa bir marta borgan.
Financial Times xabar berishicha, Jon Retkliff AQSHning Rossiya va Ukraina bilan muzokaralarida yanada faolroq ishtirok etishga tayyorlanmoqda. Tramp ma’muriyati urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda asosiy tashabbusni Retkliffga berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu nimani anglatadi, vaziyat jiddiy tus olayotganinimi yoki oldingi muzokarachilarning ishidan qoniqmasliknimi? Lekin shunday bo‘lsada, Uitkoff maxsus vakil lavozimida qolishi va Retkliff bilan birga muzokaralarda ishtirok etishi ham mumkin. Hozir ular o‘rtasida kim qaysi masalalarda asosiy rolni bajarishi bo‘yicha raqobat borligi aytilmoqda.
Eng qizig‘i,Oq uy Financial Times xabaridagi ma’lumotlarni «butunlay yolg‘on xabar» deb atadi. Markaziy razvedka boshqarmasi esa Retkliffning yangi roli haqida izoh berishdan bosh tortdi.
Manbalarning aytishicha, Tramp hali yakuniy qaror qabul qilmagan. Ammo Retkliffga yaqin bo‘lgan amerikalik amaldorlar uning Moskva va Kiyev bilan muzokaralarda ishtirok etishi mumkinligi haqida yevropalik hamkasblariga allaqachon xabar bergan.
Financial Times yozishicha, Yevropada Uitkoffning muzokaralardan chetlashtirilishi mumkinligi haqidagi xabar ijobiy qabul qilingan. Chunki Yevropa davlatlari Rossiya bilan bir yarim yildan beri davom etayotgan muzokaralardan arzigulik natija kutishmoqda.
Shuningdek, Kushnerga yaqin manbalarning aytishicha, u Ukrainadagi urush masalasidan e’tiborini endi G‘azo sektordagi mojaroni tugatish va AQSH hamda Isroilning Eronga qarshi urushi masalasiga qaratishni rejalashtirmoqda. Esingizda bo‘lsa, avgust oyining oxirida Trampning maxsus vakillari Moskvaga borishidan oldin Jon Retkliffning o‘zi kutilmaganda Rossiyaga borgan edi. AQSH prezidenti bu tashrifni oddiy tashrif deb atagan. G‘arb ommaviy axborot vositalaridagi turli taxminlarga ko‘ra, Markaziy razvedka direktori Rossiyaga Kremlni NATO davlatlariga hujum qilmaslik haqida ogohlantirish, tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirish va Eron bilan hamkorlikni kamaytirishni so‘rash uchun borgan.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA