Mo‘ynoqda ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat boshladi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida” farmoni asosida Mo‘ynoq tumanida ham ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat boshladi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ta’kidlanganidek, Prezidentimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu farmon ijrosi doirasida mamlakatimizning eng chekka hududi Mo‘ynoq tumanida ham ixtisoslashtirilgan maktabning ochilishi aholiga, shu jumladan yoshlarga quvonch bag‘ishladi.

Maktab binosida 8 milliard 600 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan edi. Joriy yilda 520 million so‘mlik jihozlar bilan ta’minlandi. Hozirgi vaqtda 915 million so‘mlik qo‘shimcha qurilish hamda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
2022-2023 o‘quv yilida maktabga test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 168 nafar o‘quvchi qabul qilindi.
Tadbir ishtirokchilari ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan shart -sharoitlar bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA