Mo‘ynoqda Buxoro davlat pedagogika institutining bog‘i
Avval xabar berganimizdek, Buxoro davlat pedagogika institutining ko‘ngilli xodim va talaba-yoshlaridan iborat jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida “Yashil makon” ummummilliy loyihasi doirasida bog‘ yaratish maqsadida yo‘lga otlanishgandi.
Buxoro davlat pedagogika instituti ko‘ngillilar jamoasi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti jamoasi tomonidan kutib olindi.

Buxoro davlat pedagogika instituti va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘rtasida kelishuv memorandumi imzolandi. Memorandumda ikki oliy ta’lim muassasasida birgalikda ilmiy izlanishlar olib borish, dasturlar doirasida ilmiy izlanuvchilar va xodimlar almashish, fan, ta’lim vakillari va amaliyotchilarning birgalikdagi tadbirlarini tashkillashtirish, oliy o‘quv yurtlarida tashkil etilayotgan ilmiy tadbir haqida ikkinchi tomonni xabardor etish va qatnashish uchun taklif etish masalalarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Buxoro davlat pedagogika va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutlari talabalari birgalikda 17 noyabr– Xalqaro talabalar kunini nishonlashdi. Nukus davlat pedagogika instituti talabalari tomonidan bayram dasturi tashkil qilindi. Bayramda Buxoro davlat pedagogika instituti talabalari ham o‘z chiqishlari bilan ishtirok etdi.

Mo‘ynoqda bo‘lib turgan Buxoro davlat pedagogika instituti jamoasi tomonidan bugun erta tongdan institut rektori Bahodir Ma’murov boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yillik shodiyonalariga bag‘ishlangan yurish amalga oshirildi.

Ayni paytda Buxoro davlat pedagogika institutining ko‘ngilli xodimlari va talaba-yoshlari Mo‘ynoqda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbirlarni boshladi. Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani iqlimiga mos keladigan ming tup qayrag‘och, jiyda, saksovul ko‘chati va urug‘i, qandim, cherkes ko‘chatlari ekiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri