“Moya planeta” Buxoro va Xivani kashf etmoqda
“Moya planeta” telekanalida O‘zbekistonning qadimiy Buxoro va Xiva shaharlari madaniy va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan lavhalar efirga uzatildi. Ushbu materiallar shu yil mayda mamlakatimizning Moskvadagi elchixonasi va Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tashrif doirasida telekanal ijodiy jamoasi tomonidan tasvirga olingan.
O‘ziga xos yo‘l ko‘rsatkichi vazifasini o‘taydigan mazkur “Shahardagi bir kun” dasturini tomosha qilgan inson, beixtiyor, notanish shaharni darrov yoqtirib qoladi. Sharhlovchi Diana Jalalova tomoshabinni ushbu tarixiy shaharlarning eng mashhur joylari va madaniy ob’ektlari bilan tanishtirish maqsadida Buxoro va Xivani aylangan.
Muallif diqqatga sazovor manzillar, ko‘p vaqt yoki pul sarflamasdan qanday sovg‘alar sotib olish, lazzatli taomlarni tatib ko‘rish mumkinligi haqida batafsil so‘zlaydi. Sayyohda O‘rta asr Sharq davriga tushib qolgandek taassurot uyg‘otuvchi Buxoroning betakror muhiti, YUNESCO ro‘yxatiga kiritilgan birinchi shahrimiz – Xiva go‘zalligiga alohida e’tibor qaratadi.
Boshlovchi o‘zbek san’ati namunalariga to‘xtalib, an’anaviy kulolchilik va qo‘lda ishlangan gilam kashtasini namoyish etadi, betakror bezak, yorqin suratlarga urg‘u beradi.
Jurnalist Buxoro va Xivaning turizm, madaniyat va san’at salohiyati haqida ham ma’lumot bergan.
“Moya planeta” dunyo bo‘ylab 75 million muxlisni qamrab olgan, sayohat to‘g‘risida kecha-kunduz efirga uzatiladigan axborot manbasidir. Ta’siri ijtimoiy tarmoqda ham seziladigan telekanal Rossiyada 23 milliondan ortiq, MDH va Boltiq bo‘yi mamlakatlarida 2 million obunachiga ega.
Aziza Alimova, O‘zA