Moslashtirilgan issiqxonalar orqali bandlik sari
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy integratsiya va bandlik yo‘lida muhim qadam tashlandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va FAO hamkorligidagi yangi loyiha ularning hayotini qanday o‘zgartiradi?
Ma’lumki, bugungi kunda davlatimiz rahbarining ijtimoiy davlat qurish g‘oyasi samarasi o‘laroq, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham yangidan-yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Xususan, ular mehnat bozorida ham munosib o‘rin topib bormoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlarning uzviy davomi o‘laroq, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni moslashtirilgan issiqxonalar orqali ijtimoiy integratsiya qilish va ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish” loyihasining rasmiy taqdimoti va start tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Loyiha doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va moslashtirilgan issiqxonalar tashkil etilib, ularning ekin yetishtirish jarayonida ishtirok etishi va mehnat faoliyatiga jalb qilinishini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Loyiha 24 oy davomida Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Samarqanddagi 6 ta ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida amalga oshiriladi.
Mazkur tadbirda loyiha hujjati imzolanib, hamkor tashkilotlarning vazifalari, dastlabki bosqichdagi ustuvor yo‘nalishlar va kelgusidagi amaliy ishlar belgilab olindi.
Ta’kidlanishicha, bu loyiha – nafaqat issiqxona tashkil etish, balki nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yangi ko‘nikmalar, mehnat va ijtimoiy faollik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan amaliy qadamdir.
Sherbek Islomov, O‘zA