Momolari hunarini ardoqlab...
Namangan viloyatida milliy hunarmandlikning ko‘plab turlari rivojlanmoqda.
Namangan viloyatida milliy hunarmandlikning ko‘plab turlari rivojlanmoqda. Atlas va adras to‘qish, yog‘och o‘ymakorligi, do‘ppido‘zlik va pichoqchilik, kulolchilik, temirchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, kosibchilik kabi hunarmandlik maktablarining mahsulotlari bugun nafaqat mamlakatimizda, balki rivojlanayotgan turizm, xalqaro iqtisodiy aloqalar tufayli butun dunyoda o‘z muxlis va xaridorlarini topayotir.Chust tumanida ajdodlarining hunarmandlik an’analarini muvaffaqiyatli davom ettirib kelayotganlardan biri hunarmand-tadbirkor Halima Qosimovadir. Chust deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga, avvalo, bu yerda tayyorlanadigan o‘ziga xos, betakror do‘ppi va pichoqlar keladi. Bu ikki milliy hunarmandlik mahsulotimiz namunasini bugun dunyoning deyarli barcha hududlarida uchratish mumkin, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, yurtimizga kelgan xorijlik mehmonlarga esdalik uchun aynan shu buyumlar ham hadya qilinadi.
Qizaloqligidan buvisi, onasi yonida o‘tirib, do‘ppi tikish san’atiga mehr qo‘ygan Halima Qosimovaning qo‘lidan igna-yu ipak tushmaydi.
– Chustda do‘ppi tikishni bilmaydigan qiz-juvon topilmaydi, – deydi H. Qosimova. – Milliy hunarmandlikning bu turi chustlik qizlarga momolardan meros bo‘lib, u asrlar osha sayqal topmoqda. Mening onam, buvim, katta buvilarim ham bu hunarni ardoqlashgan. Men o‘zim 8-9 yoshimda qo‘limga igna olganman. Davlatimiz tomonidan xalq amaliy san’ati va badiiy hunarmandlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan sharoit tufayli bu sohada ham katta ishlarni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ldi. O‘ylab qarasam, mahalladagi yuzlab xotin-qiz bu hunar bilan o‘z holicha, tarqoq, bozor munosabatlarining bugungi talablaridan anchagina bexabar holda shug‘ullanayotgan ekan. Ular asosiy ishidan, ro‘zg‘or yumushlaridan bo‘sh vaqtlarida qo‘liga igna oladi. Xomashyo topish, tayyor mahsulotni sotish esa muayyan qiyinchiliklar tug‘dirardi. Uy-bekalariga ko‘maklashish, mehnati samaradorligini oshirish maqsadida 2000-yilda “Gulizor” xususiy korxonasini tashkil qildim. Korxonamizga xorijlik mehmonlar, xalqaro nufuzli tashkilotlar vakillari tashrif buyurib, chevarlarimiz tikkan do‘ppilarni O‘zbekistondan esdalik sifatida o‘zlari bilan olib ketadi. Bundan ko‘nglimiz quvonchga to‘lib, faxrlanamiz.
Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda unga tumandagi badiiy buyumlar fabrikasida yigirma besh yil mobaynida to‘plagan boy tajribasi qo‘l keldi. Ayni paytda korxonada to‘qsondan ziyod xotin-qiz ish bilan ta’minlangan. Davlatimiz tomonidan uning milliy hunarmandlikni rivojlantirish va aholini, xususan, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga qo‘shgan hissasi yuksak e’tirof etilib, H.Qosimova 2005-yilda Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
“Gulizor” xususiy korxonasining qo‘li gul do‘ppido‘zlari qalb qo‘ri, mehrini qo‘shib tikkan do‘ppilarning “Injiq”, “Zira”, “Qo‘shzira”, “Taroq”, “Andijonnusxa”, “Chetannusxa” kabi o‘nlab turlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan xalqaro miqyosdagi ko‘rgazmalarda muvaffaqiyatli namoyish etildi. H.Qosimova 2008-yilda “Do‘ppi tikdim ipaklari tillodan” respublika ko‘rik- tanlovida ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan.