“Moliyaviy savodxonlik” olimpiadasining viloyat bosqichi g‘oliblari aniqlandi
Navoiy shahridagi 3-umumta’lim maktabida “Moliyaviy savodxonlik” olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
8-9-10 sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilib, o‘quvchilarning moliyaviy bilimlarini oshirish, iqtisodiy tafakkurini rivojlantirish hamda ularda moliyaviy madaniyat ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Unda hududlardan saralab olingan 25 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Navoiy shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Bektosh Ro‘ziqulov, 2-o‘rinni Zarafshon shahridagi 13-maktab o‘quvchisi Elbek Toyirov, 3-o‘rinni esa Navbahor tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi Jasurbek Daurxanov qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri