Moliyaviy savodxonlik bo‘yicha media-muloqot
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida OAV vakillari va blogerlar uchun “Aholining moliyaviy savodxonligini oshirish hamda bank tizimida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish” mavzusida media-muloqot tashkil etildi.
Unda Markaziy bankning Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti direktori Akmal Nazarov, Moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish departamenti direktori Dilbar Abdug‘aniyeva, Moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish departamenti boshqarma boshlig‘i Dilnavoz Narzullayeva va boshqalar so‘zga chiqib, 2020-2024 yillar davomida moliyaviy savodxonlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Markaziy bankning Moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish departamenti direktori Dilbar Abdug‘aniyevaning ta’kidlashicha, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda aholining moliyaviy savodxonlik darajasini aniqlash bo‘yicha bir qator tadqiqotlar amalga oshirilgan.
[gallery-22224]
–Birinchi tadqiqot 2020 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, unda 2 ming nafar aholi so‘rovnomada ishtirok etgan. Bu maqsadda turli hududlarda tadqiqot o‘tkazilgan, shu jumladan, Toshkent shahri ham qamrab olingan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 23 foizi 7 ta asosiy savoldan 4 tasiga to‘g‘ri javob bergan. Mazkur hisobot Jahon banki saytida ham e’lon qilingan. Bundan tashqari, 2021 yilda yana bir tadqiqot o‘tkazilib, unda ming nafar odam so‘rovnomada qatnashgan. Bu loyiha Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari o‘rtachadan yuqori deb baholangan. Qanday qilib moliya savodxonligi darajasi aniqlanadi? Moliyaviy savodxonlik darajasi bilim, ko‘nikma, xatti-harakat va munosabat kabi mezonlar asosida baholanadi. Ma’lumki, oliy ta’lim va maktablarda fanni joriy etish uchun tegishli kompetensiyalar ishlab chiqiladi. Xuddi shu kabi moliyaviy savodxonlik ham alohida yo‘nalish bo‘lib, u ham o‘z kompetensiyalariga ega. To‘plangan tajribalar natijasida biz moliya savodxonligiga bag‘ishlangan har bir loyihamizni tatbiq etganmiz. Shuningdek, har bir auditoriya uchun alohida materiallar tayyorlanadi, – dedi D.Abdug‘aniyeva.
Ma’lumot berilganidek, bugungi kunda Markaziy bankning tashabbusi bilan 2020 yildan boshlab o‘quvchilar, talabalar, xotin-qizlar, yosh tadbirkorlar, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari uchun moliyaviy bilimlarni oshirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Finlit.uz axborot resursi va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali yuzlab infografika, videoroliklar va maqolalar e’lon qilingan. Bunda moliyaviy rejalashtirish va jamg‘arish madaniyatini shakllantirish, bank omonatlaridan samarali foydalanish, qarzlarni boshqarish, onlayn moliyaviy xavfsizlik kabi mavzular yoritilgan. Shuningdek, loyihalar doirasida har bir maqsadli guruhga alohida mo‘ljallangan o‘quv materiallari taqdim etilgan.
Bundan tashqari, Toshkentdagi kutubxonalarda interaktiv darslar, kichik yoshdagi bolalar uchun intellektual o‘yinlar, yoshlar uchun doimiy tanlovlar tashkil etilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan 2025 yilda moliyaviy ta’limni maktab va oliy ta’lim muassasalari dasturlariga joriy qilish, tadbirkorlar uchun maxsus o‘quv materiallarini ishlab chiqish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining moliyaviy savodxonligini oshirish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, media-muloqotda bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish masalalari muhokamasiga ham keng urg‘u berildi. Unga ko‘ra, 2018 yildan buyon Markaziy bank tuzilmasida mazkur yo‘nalish bo‘yicha Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati faoliyat yuritmoqda. Muloqot davomida ushbu tarkibiy bo‘linmaning vazifalari va iste’molchilar huquqini himoya qilish bo‘yicha nazoratni amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tildi.
–2024 yilda ushbu yo‘nalishda bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, tijorat banklarida mijozlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ular bilan ishlash tartibini takomillashtirish, muddati o‘tgan kredit to‘lovlari bo‘yicha kelib tushgan mablag‘ni qarzdorlikka yo‘naltirish navbatiga o‘zgartirish kiritish hamda jismoniy shaxslarga o‘zlarining nomiga kredit olishni taqiqlash imkoniyatini berish yuzasidan amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishi ta’minlandi. Shuningdek, Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan huquqlari buzilgan iste’molchilarning shikoyatlarini o‘rganish natijalariga asosan ularga umumiy miqdori 2,5 milliard so‘mdan ortiq moliyaviy naf keltirildi, – dedi Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati rahbari Bahodir Mirzayev.
Soha mutaxassislarining sarhisobiga ko‘ra, “Business & Finance Consulting” (Shveysariya) bilan hamkorlikda “Sirli mijoz” usulida 15 ta bankning 73 ta filialida xizmat ko‘rsatish sifati o‘rganilgan va bu jarayonda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan. Shu bilan birga, tijorat banklarining joylardagi muassasalarida bazaviy xizmatlar ko‘rsatilishining amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishi holatlari yuzasidan bank muassasalarida 1 ming 8 ta nazorat tadbiri amalga oshirilgan. Nazorat tadbirlarida qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan tijorat banklari tomonidan 647 ta intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.
Media-muloqot yakunida 2025 yilda bank mijozlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida riskka asoslangan nazoratni joriy etish, shikoyatlar ko‘rib chiqilishini takomillashtirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha banklarda ichki nazorat mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish talablari ishlab chiqilishi ma’lum qilindi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA