Moliyachilar tajriba almashadi
Samarqandda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar moliya organlari vakillarining davlat moliyasini boshqarish sohasida tajriba almashish bo‘yicha IV xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar moliya organlarining hamkorligi to‘g‘risidagi memorandumga muvofiq, tashkilotlarga a’zo mamlakatlar moliya organlarining hamkorligini kengaytirish va mustahkamlash, davlat moliyasini boshqarish sohasida o‘zaro tajriba almashishi maqsadida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmanistondan iqtisodiyot va moliya sohasi vakillari, tegishli tashkilotlar xodimlari va mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov, Rossiya Federatsiyasi moliya vazirligi departament rahbari Ivan Rokovskiy so‘zga chiqib, konferensiyaning MDH mamlakatlari iqtisodiyoti va moliya tizimi uchun ahamiyati, shuningdek, ushbu yo‘nalishda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar haqida fikr bildirdi.
– To‘rt yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu konferensiya MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida davlat moliyasini boshqarish sohasida o‘zaro fikr almashish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va qo‘llashga xizmat qilmoqda, – dedi Otabek Fozilkarimov. – Jumladan, bu gal O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan to‘rtinchi anjumanimizda byudjetning o‘rta va uzoq muddatli parametrlarini rejalashtirish, natijaga yo‘naltirilgan byudjetlashtirishni joriy etish orqali mablag‘lar samaradorligini ta’minlash, shuningdek, gender va “yashil” byudjetlashtirish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida e’tibor qaratish ko‘zda tutilgan. Ikki kun davomida bu borada bir-birimiz erishayotgan amaliy natijalarimizni o‘rganamiz, kelgusi hamkorlik istiqbollarini belgilab olamiz.
Shundan so‘ng konferensiya qatnashchilari tomonidan o‘z mamlakatlari misolida davlat moliyasini boshqarish tizimidagi yangilik va o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Jumladan, 2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish strategiyasi, raqamli auditda Qozog‘iston tajribasi, byudjet xarajatlarini boshqarishda yondashuvlar evolyutsiyasi, dasturiy byudjetlashtirishni shakllantirishning yangi tartibi, O‘zbekiston Respublikasida dasturiy-maqsadli byudjetlashtirishga o‘tish doirasida byudjet dasturlarini shakllantirish kabi mavzular yuzasidan ma’ruzalar tinglanib, o‘zaro fikr almashildi.
– Davlat moliyasini boshqarish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish har bir mamlakatning ichki siyosati bo‘lsa-da, bugun tez o‘zgarayotgan dunyoda bu borada boshqa davlatlar tajribasini o‘rganish va ijobiy natija bergan an’analarni qo‘llash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Belarus Respublikasi moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Yelena Pechen. – Ayniqsa, bu savdo-iqtisodiy aloqalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq, tashqi tovar aylanmasida ulushi yuqori bo‘lgan MDH davlatlari uchun juda muhim. Ayni chog‘da dunyo iqtisodiyotida kuzatilayotgan tebranishlar, global muammolar davlatlar byudjet siyosatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Bunday sharoitda o‘zaro tajriba almashish, davlat moliyasi sohasida amaliyotda sinalgan va o‘zini oqlagan usullarni o‘rganish barchamiz uchun manfaatli bo‘ladi.
[gallery-28922]
Tadbir doirasida davlat moliyasini boshqarishda ilg‘or xalqaro tajribalar, raqamlashtirish jarayonlari, byudjet intizomini mustahkamlash va ochiqligini ta’minlash, shuningdek, ichki audit hamda moliyaviy nazorat tizimini takomillashtirishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
– Keyingi yillarda an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur konferensiya moliyachilarning o‘zaro tajriba almashish uchun qulay maydon vazifasini o‘tamoqda, – deydi Tojikiston Respublikasi moliya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Umid Davlatzoda. – Bunda MDH mamlakatlari moliya sohasi mas’ullari o‘z faoliyati, yangi ish uslublari haqida ma’lumot berish bilan birga, boshqalarning ibratli tajribalarini o‘rganadi. Samarqanddagi uchrashuvimizda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellektdan samarali foydalanish, analitik tahlil, rivojlanish dasturlari bo‘yicha fikr almashyapmiz. Biz uchun O‘zbekistonning “Tashabbusli byudjet” loyihasi bo‘yicha erishayotgan natijalari e’tiborli va bu borada ularning tajribasini o‘rganmoqchimiz.
Konferensiya davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari