“Mitsubisi” o‘zbekistonlik talabalarga stipendiyalar ajratdi
18 dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining yaponshunoslik fakulteti talabalariga “Mitsubisi Korporeyshn” transmilliy korporatsiyasi stipendiyasi uchun sertifikatlar topshirildi.
Joriy yil avgust oyida TDSHU va Yaponiyaning “Mitsubisi Korporeyshn” korporatsiyasi o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, yaponshunoslik fakultetining 20 nafar talabasiga o‘quv yilining bir semestri uchun to‘lov-shartnoma summasini to‘lash imkonini beradigan stipendiyalar ajratildi.
Sertifikatlarni topshirish marosimida universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva iqtidorli yaponshunoslar va kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan talabalar stipendiatlar bo‘lganini ta’kidladi. Bu pandemiya davrida ushbu talabalarga yordam, shu bilan birga boshqa yaponshunoslarni yanada yaxshiroq o‘qishga rag‘batlantirish uchun turtki bo‘ldi.

“Mitsubisi”ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bosh menejeri Yoichi Sanoning ta’kidlashicha, korporatsiya bunday loyihani 2020 yilda O‘zbekistonda ilk marotaba amalga oshirmoqda. Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda mazkur loyihaning muhimligini anglagan korporatsiya mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari, jumladan, yaponshunoslik bo‘yicha mintaqada yetakchi bo‘lgan TDSHU bilan yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Elyor Mahmudovning ta’kidlashicha, universitet bir necha bor Yaponiyaning, jumladan, “Mitsubisi” korporatsiyasining investitsiyalari va grant mablag‘lari sohibiga aylangan. Ammo xorijiy kompaniyalar bilan talabalarning shartnoma pullarini to‘lashni nazarda tutuvchi bunday hamkorlik amaliyoti universitetda birinchi marta qo‘llanilmoqda.
Oliy ta’lim muassasasi bu kabi loyihalarni kelgusida Xitoy va Koreyaning yirik kompaniyalari bilan ham amalga oshirishni mo‘ljallamoqda.
O‘zA