Mis klasterida yangi korxona ishga tushirildi (+video)
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan Ohangaron tumanida umumiy maydoni 138 gektar bo‘lgan “Mis sanoati klasteri” tashkil etilmoqda. Mazkur hududda joylashadigan quvvatlar xom-ashyoni qazib olishdan, tayyor mahsulot yaratishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab olishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu loyihalar doirasida “EltechIndustrial” texnoparkida yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Enco Group” korxonasi rasman faoliyat boshladi. Korxonaning ochilish marosimida ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda elektrotexnika sanoatini iqtisodiyotning drayver tarmoqlaridan biriga aylantirish, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu korxona ham aynan ana shu e’tiborning mahsulidir.
- Bu bizning Markaziy Osiyodagi ilk loyihamiz, - deydi korxona rahbari Ruslan Akbulatov. - Misni chuqur qayta ishlab, 1 kilovoltga teng yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlarini ishlab chiqaramiz. Korxonaga tamal toshi 2023-yilda qo‘yilgan edi. Bugun esa kompaniyamizda ochilish marosimi. Korxona to‘liq Belorussiya kompaniyasi investitsiyasi hisobiga barpo qilindi. Mahsulotlarimiz avvalo Yevropa Ittifoqi bozorlariga yo‘naltiriladi. Hozirda sertifikatlash jarayonlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Birinchi shartnomamiz Yerevan bilan imzolandi va keyingi haftada ilk mahsulotni mijozlarga yetkazib beramiz. Albatta kadrlar salohiyati ham bizga muhim. “O‘zeltexsanoat” uyushmasi bu borada bizga yaqindan ko‘maklashdi. Tayyor kadrlar ham keldi, endi ish o‘rganayotganlar ham bor. Biz ular uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etdik. Bundan tashqari Belorus Respublikasining Vitebsk shahrida ham ishchilarimiz malaka oshirishadi.
Joriy yilning fevral oyida davlatimiz rahbari mazkur loyiha amalga oshirilayotgan texnoparkka tashrif buyurib, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ahamiyatini ta’kidlagan hamda qurilish-montaj ishlarini jadallashtirib, korxonani qisqa muddatlarda ishga tushirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan edi. Bugun mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaning birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi.
Loyiha ikki bosqichda Belarus Respublikasining “Energokomplekt” kompaniyasi bilan hamkorlikda texnopark hududida amalga oshirilmoqda. 21 gektar maydonda barpo etilayotgan mazkur ishlab chiqarish majmuasining umumiy qiymati qariyb 60 million AQSH dollarini tashkil etadi. Korxona to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Korxona to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 25 ming tonna yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Uning eksport salohiyati esa 300 million AQSH dollari darajasida baholanmoqda. Birinchi bosqichda 10 million dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirildi. Korxona mahsulotlarini Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya hamda MDH davlatlari bozorlariga eksport qilishni rejalashtirgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, birinchi bosqich doirasida yillik eksport hajmi 140 million AQSH dollariga yetishi kutilmoqda.
- Biz “Enco Group” kompaniyasi bilan 10 yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqdamiz, - deydi estoniyalik investor Bogdan Onoshko. – Ushbu korxonaning ochilishi biz uchun katta imkoniyat. O‘zaro savdo aloqlarini yanada rivojlantirish va mahsulot oldi-sotdisi uchun yana bir qulaylik yaratib berildi.
- Belorussiyaning “Energokomplekt” kompaniyasi bilan 15 yildan buyon hamkorlik qilib kelamiz, - deydi Chexiyaning “Labara” OAJ vakili Bedrix Olshovski. – Ushbu korxonadan biz katta miqdorda kabel mahsulotlari olishga tayyormiz. Bundan tashqari Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqishlari uchun mahsulotlarini sertifikatlashga yordam beramiz. O‘ylamanki, korxonaning ishlari tez yurib ketadi va biz ham tez-tez O‘zbekistonga kelib turamiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda mamlakatimizga 400 million AQSH dollariga yaqin yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari va izolyatsiyalangan mis shinalar import qilingan. “EncoGroup” korxonasi to‘liq ishga tushirilgandan keyin esa 150 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Ma’lumot uchun aytish kerakki, Markaziy Osiyoda mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan 12 ta korxonaning 4 tasi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatimizda elektrotexnika sanoati bosqichma-bosqich yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan, raqobatbardosh va eksportbop tarmoqqa aylanayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9SNEWoLJ7fI" title="Mis klasterida yangi korxona ishga tushirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA