Mirzacho‘llik dehqonlarning siri nimada?
Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tub islohotlarning ijobiy samaralari Mirzacho‘l tumanidagi amaliy ishlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning turli hududlaridan turli millat vakillari o‘tgan asrning 60-yillarida bu hududga ko‘chib kelib, biydek cho‘lni o‘zlashtiribgina qolmay, bugun ana shu cho‘li-biyobonni chamanzorga aylantirdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmas.
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumani 1967 yil 9 yanvarda tashkil topgan. Umumiy maydoni 48 ming gektardan ortiq. Salkam 54 ming o‘zbek, qozoq, tojik, qirg‘iz, rus, tatar, ozarbayjon va boshqa millat vakillari ahil, totuv, bir oiladek yashaydi.
Qishloq xo‘jaligi klaster ishlab chiqarish tizimiga o‘tdi-yu mehnatga, mehnatkashga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi. Bundan 10-15 yillar muqaddam “klaster” tushunchasi ishlatilmasdi va uni nimaligini to‘la-to‘kis anglab ham yetmagan bo‘lsak, bugun deyarli har bir sohaning klasterlari tashkil etilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaratilgan ushbu tizim bugun tom ma’noda o‘zini oqlamoqda.
Ko‘pmillatli Mirzacho‘l xalqi dehqonchilikning hadisini olganlardan. Shu sababdan ham ishni, ayniqsa qishloq xo‘jaligida, eskicha uslubda olib borish samara bermasligini anglab yetgan cho‘l mirishkorlari qishloq xo‘jaligi ishlarini bugun klaster tizimida olib boryapti.
Bir necha yildirki, ushbu tumanda “Sangzor-textile” mas’uliyati cheklangan jamiyat qishloq xo‘jaligi klasteri faoliyat yuritib kelmoqda.
Joriy mavsumda davlatga g‘alla sotish shartnomaviy rejasini ham paxta rejasini ham respublikada birinchilardan bo‘lib bajarib qo‘ygan Mirzacho‘lning “Sangzor-textile” klasterchilari bo‘ladi.
Mirzacho‘llik g‘allakorlar joriy yil hosili uchun 13 ming 700 gektar maydonga g‘alla ekib, rejadagi 36 ming 113 tonna o‘rniga 36 ming 126 tonna don topshirdi va zimmalariga olgan rejani ortig‘i bilan uddaladi. G‘alladan bo‘shagan maydonning rejadagi 8 ming 113 gektari o‘rniga, amalda 8 ming 621 gektarga takroriy ekinlar ekib, shundan 2 ming 533 gektar takroriy ekin ekilgan maydon “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda xorijiy davlatlarda ishlab qaytganlarga ajratildi.
bugungi kunda tumandagi barcha takroriy ekinlar ekilgan mahsulotlar pishib yetilib, allaqachon yig‘ib-terib olindi va har bir mahsulot qayta ishlanmoqda.
– Joriy qishloq xo‘jaligi yil hosili uchun paxta yetishtirish maqsadida saxovatli Mirzacho‘l dalalarining 12 ming 500 gektariga chigit ekib, har gektar yerdan 34,9 sentnerdan, jami 43 ming 600 tonna paxta yetishtirish bo‘yicha shartnomalar tuzilgandi, amalda har gektar maydondan o‘rtacha 36 sentnerdan hosil yig‘ilib, xirmon 45 ming tonnadan oshdi, – deydi “Sangzor-textile” MCHJ klasteri direktorining o‘rinbosari Xolmo‘min Meliyev. – Ushbu baraka xirmoni yuksalishida “Mirzacho‘l” fermer xo‘jaliklar hududiy uyushmasi(FXHU)dan “Kironov To‘lqin”, Abay FXHUdagi “Shoh Oybek” va “Asr dalasi”, “Yangidala” FXHUdan “Shodiyev Sherbek”, “G‘iyosbek Doniyorbek” kabi fermer xo‘jaliklari har gektar yerdan 40-42 sentnerdan hosil yig‘ib, yillik shartnomaviy rejani 110-130 foizga uddalab munosib hissa qo‘shdi.
[gallery-9286]
– Bu yil qishloq xo‘jaligi yili bo‘ldi, – deydi “Shoh Oybek” fermer xo‘jaligi rahbari Oybek Quvnoqov. – Erta bahordan 18,9 gektar maydonga chigit ekib, barcha agrotexnik tadbirlarni vaqtida o‘tkazdik. G‘o‘zaga o‘g‘itlarni vaqtida va me’yorida berib, qator oralarga ishlov berishga alohida e’tibor qaratdik. Klastergacha ham fermer bo‘lganman, har yili planni zo‘r-bazo‘r yo bajarardik, yo bo‘lmasa bor aybni ob-havoga to‘nkar, uyimizga mehmon kelib qolsa, texnika uchun berilgan yoqilg‘ini, g‘o‘za yo g‘allaga berilgan o‘g‘itni 1 kilogramm go‘sht, 4 ta non uchun sotib yuborishga majbur bo‘lardik. Qilgan yillik daromadimizga o‘zimiz xo‘jayinlik qilolmasdik. 21-22 sentnerdan hosil ola olmagan o‘sha yerdan, bugun 40 sentnerdan oshirib hosil olyapman. 80 tonnadan oshirib paxta sotish shartnomaviy rejasini 120 foizga uddaladik.
Paxta yig‘im-terimi mavsumida tumandagi vaqtincha band bo‘lmagan aholi va qo‘shni viloyatlardan hasharga kelgan, jami 8 ming nafardan ortiq terimchilar 80 ta otryadga bo‘lingan holda, mavsum davomida 12 ming tonnaga yaqin qimmatbaho xom ashyoni yig‘ib oldi.
– Har yili paxta yig‘im-terimida faol qatnashib kelaman, lekin bu yilgi hosilning cho‘g‘i baland, – deydi terimchi Madina Boborahimova. – Birinchi terimda har kuni 200-220 kilogrammdan oshirib paxta terdim. Har 1 kilogramm tergan paxtamga 1 ming 500 so‘mdan naqd pul va har 70 kilogramm terganimizga 1 litrdan o‘simlik moyi berishdi. Bundan tashqari, har 5 kunda hokimiyat, homiylar, “Sangzor-textile” klasteri tomonidan rag‘batlantirildik.
Mavsum davomida 40 taga yaqin terim agregatlari unum bilan ishlatildi. Unumdor paxta terish mashinalarida 45 ming tonnalik paxta hosilining salkam 33 ming tonnasi aynan ana shu “po‘lat etaklar” hisobiga to‘g‘ri keldi.
– Boshqaruvimdagi “TZST-220” rusumli paxta terish mashinasida joriy yig‘im-terim mavsumida 200 tonnaga yaqin paxta terdim, – deydi Ozod Matlabov. – Birinchi terimda tergan har tonna paxtam uchun 150 ming so‘mdan haq olgan bo‘lsam, ikkinchi terimda, har tonnasiga 200 ming so‘mdan to‘landi. Birgina paxta yig‘im-terimining o‘zidan, salkam 40 million so‘m daromad qildim. Paxtachilik klasteri bo‘lmasdan avval ham mexanizator edim. Shuncha pulni 5 yilda ham topa olmaganman.
Mirzacho‘llik dehqonlar mavsum tanlamaydi, tinmaydi. “Paxtani terib oldik, planni bajardik” deb, uyida oyog‘ini cho‘zib yotmaydi. Tuman mirishkorlari paxtasi terib olingan maydonlarni don ekishga tayyorlab, g‘allasini ekadi, to‘qsonbosti bostirib, bahor kelmay hosilini oladi.
– 2023 yil hosili uchun tumanda 13 ming 700 gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekinlari ekish rejalashtirilgan bo‘lsa, bugungi kunda 12 ming 500 gektar yoki rejaga nisbatan 99,2 foiz maydonga kuzgi boshoqli don ekinlarini ekib bo‘ldik, – deydi Xolmo‘min Meliyev. – Kechagi yog‘ingarchilik bo‘lmaganida allaqachon ekishni yakunlagan bo‘lardik. G‘alla ekilgan maydonning 10 ming 186 gektari yoki 81,5 foizini sug‘orib bo‘ldik. 3 ming 500 gektarga yaqin yoki 28,5 foiz maydondan maysa olib, g‘allamiz tuplay boshladi. Kelgusi yilgi g‘alla hosilimiz, paxtamiz ham bu yilgidan-da mo‘l bo‘ladi.
Mirzacho‘llik bobo dehqonlarining ushbu yutug‘i tizimda izchillik bilan amalga oshirilayotgani islohotlar, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan klaster faoliyati, innovatsion texnologiyalarning qishloq xo‘jaligiga keng joriy etilgani, barcha zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va me’yorida o‘tkazilgani va eng asosiysi mehnatga o‘z vaqtida, to‘g‘ri haq to‘langani, qishloq xo‘jaligi ishlarida ishtirok etib, faol mehnat qilganlar muntazam rag‘batlantirib borilgani natijasidir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA