Mirzacho‘l qovunlari jahon bozorida
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida yetishtirilgan qovunlarni yig‘ib-terib olish, saralash va eksportga tayyorlash ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Dalalarda pishib yetilgan hosilni belgilangan talablar asosida saralab, qadoqlab, maxsus transport vositalarida tashqi bozorlarga jo‘natilmoqda.
Mirzacho‘l zaminida yetishtiriladigan qovunlar o‘ziga xos ta’mi, xushbo‘yligi, sershiraligi va yuqori sifati bilan nafaqat mamlakatimiz iste’molchilari, balki xorijiy xaridorlar orasida ham katta e’tirof qozongan. Tabiiy iqlim sharoiti, dehqonchilik an’analari va agrotexnik tadbirlarning puxta tashkil etilgani mahsulotning raqobatbardoshligini yanada oshirmoqda.


Hosilni eksportga tayyorlash jarayonida mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qovunlar tashqi ko‘rinishi, vazni va saqlanish xususiyatlariga ko‘ra saralanib, eksport talablariga mos ravishda qadoqlanmoqda. Bu esa mahsulot uzoq masofalarga yetkazib berilganda ham uning ko‘rinishi va sifatini saqlab qolinishiga erishilmoqda.
Mirzacho‘l tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish, tashqi bozorlarda milliy mahsulotlar ulushini oshirish, shu orqali fermer va dehqonlar daromadini ko‘paytirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Eksport geografiyasini kengaytirish, logistika tizimini takomillashtirish va tashqi bozorlar talabiga mos mahsulot yetishtirish bu boradagi ustuvor vazifalardan sanaladi.


So‘nggi yillarda mamlakatimizda meva-sabzavot eksportini kengaytirishga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. O‘zbekiston qovuni Markaziy Osiyoning eng mashhur poliz mahsulotlaridan biri sifatida Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belorus, Boltiqbo‘yi davlatlari hamda boshqa qator davlatlar bozorlariga muntazam yetkazib berilmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasida eksportbop mahsulotlar yetishtirish, ularni xalqaro standartlar asosida saralash va tashqi bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar milliy eksport salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mirzacho‘l dehqonlarining fidokorona mehnati bilan yetishtirilgan shirin va xushta’m qovunlar bugun nafaqat ichki bozor dasturxonlarini bezamoqda, balki yurtimizning eksport salohiyatini yuksaltirish, milliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xalqaro bozorlardagi nufuzini mustahkamlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri