“Mirishkor bahori” – safari va gastro turizm uyg‘unligi namoyon etilgan festival (+video)
Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hududida joylashgan Achinko‘l maskanida “Mirishkor bahori”, “Safari va gastro” turizm festivali o‘tkazildi.
Mazkur tadbir hududning boy tabiiy salohiyati, milliy an’analari hamda zamonaviy turizm yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan holda, mehmonlarga betakror taassurotlar ulashdi.
Festivalni tashkil etishdan asosiy maqsad Qashqadaryo viloyatining turizm imkoniyatlarini yanada keng targ‘ib qilish, xususan, safari, ekologik, ekstremal va qishloq turizmi yo‘nalishlarini rivojlantirish, mahalliy hamda xorijiy sayyohlar oqimini oshirish, aholi bandligini ta’minlash va hududga investitsiyalar jalb etishdan iborat.
Tadbir doirasida turli madaniy va ko‘ngilochar dasturlar namoyish etildi. Jumladan, safari dasturi doirasida baggi, kvadrotsikl va mototexnika vositalari ishtirokida ekstremal chiqishlar tashkil etilib, ishtirokchilarga sarguzasht turizmini bevosita his etish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, tuyada sayr qilish va uning sutidan tatib ko‘rish imkoni ham taqdim etildi.
[gallery-28581]
– Tadbirdan ko‘zlangan maqsad aynan bitta tumanni tanlab, uning turizm imkoniyatlarini aniqlab, o‘sha yo‘nalishga urg‘u bergan holda hududga mos turizmni rivojlantirish, – deydi viloyat turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilfuza Aliyeva. – Shu maqsadda Mirishkor tumanini tanlab oldik. Tumandagi Achinko‘l va uning atrofida cho‘l, yovvoyi tabiat safari turizmi uchun juda qulay. Turizmning keng turlarini qamrab olish imkoni mavjud. Aynan bugungi festivalda safari turizmi imkoniyatlarini namoyon qilishni maqsad qilganmiz. Bunga qo‘shimcha ravishda mehmonlar uchun milliy taomlar tayyorlash, ya’ni gastroturizmni ham rivojlantirsa bo‘ladi. Bu kabi tadbirlar xorijiy va mahalliy turistlar sonini oshishiga xizmat qiladi. Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.
Festival doirasida hunarmandchilik ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda milliy hunarmandlar tomonidan tayyorlangan noyob qo‘l mehnati mahsulotlari namoyish qilinib, mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Gastronomik yo‘nalish festivalning ajralmas qismiga aylandi. Milliy taomlar, tabiiy mahsulotlar, shu jumladan, tuya suti va undan tayyorlangan mahsulotlar keng taqdim etildi. Ochiq havoda tashkil etilgan piknik zonasi ishtirokchilarga tabiat qo‘ynida mazmunli dam olish imkonini taqdim etdi.
Shu bilan birga, festival doirasida baliq ovlash musobaqalari, varrak uchirish tadbirlari, musiqiy chiqishlar va interaktiv dasturlar o‘tkazilib, tadbirning mazmun-mohiyatini yanada boyitdi. Maxsus tashkil etilgan infotur orqali ishtirokchilar hududning turizm salohiyati, mavjud infratuzilmasi va istiqbolli loyihalari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur festivalda turizm sohasi vakillari, mahalliy va xorijiy sayyohlar, investorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, hunarmandlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
– Men Mirishkor tumani, Yangi Mirishkor shaharchasidagi 38-maktabda o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritaman, – deydi Chalikkandiy Ashkar (Hindiston). – Bu joy juda go‘zal va mehr-oqibat muhitiga ega. Direktorim janob Shokir va hamkasbim janob Sherzod bilan birga keldik va bu yerda ajoyib vaqt o‘tkazyapmiz. O‘zbekistonning boshqa hududlari kabi bu maktab ham ijobiy taassurot qoldirdi. Har bir kishi bu yerga tashrif buyursa, mening fikrimga qo‘shiladi. Barcha hamkasblarim va Qashqadaryo ahliga minnatdorchilik bildiraman.
Ta’kidlash joiz, ushbu festival nafaqat ko‘ngilochar tadbir, balki hududning iqtisodiy va turizm salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim maydon sifatida ahamiyat kasb etdi. Shu orqali Qashqadaryo viloyatining xalqaro turizm xaritasidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Y1T7dfpMrjo" title="“Mirishkor bahori” – safari va gastro turizm uyg‘unligi namoyon etilgan festival" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari