Mineral resurslar yangi sanoat taraqqiyotining strategik asosi sanaladi
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida mineral resurslar nafaqat xomashyo manbai, balki texnologik taraqqiyot, energetik xavfsizlik va sanoat raqobatbardoshligini belgilaydigan muhim strategik omilga aylanmoqda. Ayniqsa, kritik minerallarga bo‘lgan talabning ortishi, ishlab chiqarish zanjirlarining qayta shakllanishi va resurslar uchun global raqobatning kuchayishi tog‘-kon sanoati oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Bu jarayonlar Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham katta imkoniyatlar yaratmoqda. Mintaqaning boy mineral-xomashyo zaxiralarini zamonaviy texnologiyalar asosida o‘zlashtirish, ularni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish iqtisodiy taraqqiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ana shu dolzarb masalalar Toshkent shahrida o‘tkazilgan 8-O‘zbekiston xalqaro tog‘-metallurgiya forumida atroflicha tahlil etildi.
“Resurslardan global imkoniyatlarga” shiori ostida xalqaro forumni O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova ochib berdi.
Ta’kidlandiki, Markaziy Osiyoning boy mineral-xomashyo salohiyatidan samarali foydalanish, mavjud resurslarni chuqur qayta ishlash, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish hamda xalqaro investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish mintaqada barqaror sanoat iqtisodiyotini shakllantirishning muhim shartlaridan biridir.
[gallery-32227]
Forumning “Markaziy Osiyoning yangi resurs arxitekturasi” mavzusidagi birinchi yalpi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov ishtirok etdi. U mintaqadagi resurs salohiyatidan samarali foydalanish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga to‘xtaldi.
– Bugungi kunda Markaziy Osiyo jahon mineral-xomashyo bozorida muhim o‘rin egallash uchun katta salohiyatga ega, — deydi u. — Mintaqaning boy tabiiy resurslari, geologik imkoniyatlari va sanoat infratuzilmasi ushbu yo‘nalishda yangi istiqbollarni ochmoqda. Biroq asosiy maqsad faqat mavjud zaxiralarni aniqlash va qazib olish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Eng muhim vazifa esa mineral resurslarni chuqur qayta ishlash, ular asosida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hamda xalqaro bozorlarda raqobatbardosh sanoat zanjirlarini shakllantirishdir. Bugungi global iqtisodiy sharoitda resurs xavfsizligi, ta’minot zanjirlarining barqarorligi va kritik minerallarga bo‘lgan talab tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlaridan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, mavjud imkoniyatlarni birlashtirish va investitsiyaviy muhitni yanada takomillashtirishni talab etadi. Bunday xalqaro forumlar nafaqat tajriba almashish, balki yangi investitsiyaviy loyihalarni shakllantirish, texnologik sheriklikni yo‘lga qo‘yish va mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish uchun ham muhim muloqot maydoni hisoblanadi.
Forum yakunida mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish, geologik qidiruv ishlarida zamonaviy va intellektual texnologiyalardan foydalanish, kritik minerallarni o‘zlashtirish, tog‘-kon sanoatiga investitsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish, energiya samaradorligini oshirish hamda ekologik standartlarga rioya etish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, xomashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),O‘zA