Mindonobod massivida uy-joylar qurilmoqda
Xalqimizning mentaliteti boshqacha.
Xalqimizning mentaliteti boshqacha. Oʻz uyiga ega boʻlgan odam, Vatan ichra moʻjaz Vatanli boʻlgan hisoblanadi. Shu sababli uyi borning qalbi xotirjam. Oilasi va farzandlarining kelajagidan koʻngli toʻq boʻladi.
Bugun yurtimizning barcha hududlarida boʻlganidek, Fargʻona viloyatida ham yangi uy-joylar barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Fargʻona tumani keyingi yillarda koʻp qavatli, namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishi boʻyicha respublikamizda yetakchi hududlar qatorida eʼtirof etiladi. Bu bejiz emas, albatta. Mindonobod massivida boshlangan bunyodkorlik ishlari natijasida minglab oilalar oʻz uyiga ega boʻldi. Birgina oʻtgan yilning oʻzida 488 ta xonadonga ega 16 ta koʻp qavatli va 104 ta namunaviy loyiha asosida qurilgan uylar foydalanishga topshirildi.
Bu yil Mindonobod massividagi ishlar koʻlami yana-da keng. Ayni kunlarda “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi buyurtmasi boʻyicha hududda 5 ta 4 qavatli – 120 xonadonga quvonch ulashuvchi uylar qurilishi jadallik bilan olib borilyapti. Shuningdek, xususiy sektor tomonidan 12 ta 5 qavatli – 360 xonadondan iborat uylar qurilyapti.
“Qilich Bunyod” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 45 nafar quruvchilari 4 qavatli uyning uchinchi qavatidagi ishlarga kirishdi. Zamonaviy texnika va malakali mutaxassislarga ega jamoa 4 va 5 qavatli uylarni sentyabr oyigacha yakuniga yetkazishni rejalashtirmoqda.
– Mindonobod massividagi mazkur 2 ta 4 va 5 qavatli hamda Fargʻona shahrida 2 ta 16 qavatli uylar qurilishi karantin talablariga toʻliq rioya etgan holda olib borilyapti, – deydi jamiyat ish yurituvchisi Qosimjon Abdurahmonov. – Koronavirus pandemiyasi sharoitida ishsiz aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 254 ta mavsumiy ish oʻrinlari yaratildi.
Feruzbek Usmonov yosh boʻlsa-da, qurilish sohasida ancha tajribali. Uning boshchiligida “Kamolxonov Jahon” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 51 nafar doimiy, 20 nafar mavsumiy ishchilari Mindonobod massivida 4 va 5 qavatli uylarni qurmoqda. “Shukrona fayz dizayn” korxonasi bunyodkorlari barpo etayotgan ikkita koʻp qavatli uyda ham barcha yumushlar belgilangan meʼyorlar asosida davom etmoqda. Yangi uylar qurilishiga korxonaning 50 nafarga yaqin bunyodkorlari jalb etilgan.